Kino, teatr, televizion asarlar yaratish borasida bugun yutuqlar ham, va afsuski, tanqidiy fikrlar ham bisyor. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Dramaturgiya (teatr, kino va televideniye) kengashining 2024 yildagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan yillik hisobot yig‘ilishida ayni sohalardagi muvaffaqiyat va kamchiliklar xususida batafsil so‘z yuritildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari G‘ayrat Majid mamlakatimizda yuksak badiiy saviyali kino, sahna asarlarini yaratish uchun zarur huquqiy, moliyaviy asoslar yaratib berilganini e’tirof etdi. Ayni e’tibor teatr, kino sohasi uchun yangidan-yangi ijod namunalarini yaratishga zo‘r turtki bermoqda.

– Kinomi, teatrmi, baribir hammasi borib iste’dod masalasiga taqaladi, – dedi O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim. – Afsuski, kinoda savodsizlik masalasi ko‘zga tashlanmoqda. Dramaturgiya eng og‘ir yo‘nalish sanaladi. Unga katta tajribaga ega bo‘lib kirib boriladi. Oliy o‘quv yurtlarini tamomlagan yoshlarning joylarga, viloyat teatrlariga borib faoliyat ko‘rsatishi juda muhim. Negaki, iste’dod qayerda bo‘lsa ham, baribir yuzaga chiqadi, mashhurlikka erishadi.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti o‘qituvchisi Muhayyo Muxtorova kino sohasidagi asarlar xususida atroflicha fikr bildirdi.

– Tarixiy mavzudagi, tarixiy shaxslar haqidagi filmlar xalqimizda katta qiziqish uyg‘otdi, – dedi Muhayyo Muxtorova. – Masalan, “Bahodir Yalangto‘sh”, “Mahtumquli Firog‘iy” kabi filmlar yaratildi. Biroq bu kartinalarda tarixiy shaxslarning, ya’ni qahramonlarning ichki dunyosi, kechinmalari, hissiyoti ochib berilmaganini ham aytish joiz. Zamonaviy mavzudagi filmlarga kelsak, ular tomoshabinga faqat ma’lumot berish bilan cheklanmoqda. Umid qilamizki, kelgusida yaratiladigan filmlar tomoshabinning o‘z-o‘ziga nazar solishga, o‘ziga tanqidiy qarashga, fikrlashga, buyuk g‘oyalar sari da’vat etadi.

Yosh san’atshunos olim, fan doktori Shohrux Abdurasulovning aytishicha, teatr jamoalarimiz tomoshabinning ma’naviy ehtiyojini qondirishga astoydil harakat qilmoqda. Yangi asarlar paydo bo‘lmoqda. Jadidlar harakatiga oid spektakllar tayyorlandi. Biroq o‘tkir, ijtimoiy dolzarb muammolarni ochib beradigan zamonaviy asarlar juda kam. Hayot haqiqatlarini his etmaslik, soxta xarakterlar, sun’iy konfliklar yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Tarixiy mavzuda an’anaviy qoliplardan chiqib keta olinmayapti. O‘tkazilayotgan turli ijodiy tanlov va festivallar ham chin ma’nodagi puxta asarlar yaratishga zo‘r turtki berishi juda muhim.
Aytish kerakki, o‘tgan yilda Shoyim Bo‘tayevning “Soxta afg‘on askari”, To‘ra Qobilning “Sahro hamisha uyg‘oq” dramalari, Karomat Dilmonovning “Afrosiyob”, Obidjon Ro‘ziboyevning “O‘rmon ertagi” nomli bolalar teatri uchun mo‘ljallangan pesalari, Davron Rajabning “Urush” (shvetsiyalik dramaturg Lars Nuren asari) nomli dramasi tarjimasi ko‘rib chiqildi va yozma taqrizlar berildi.
2024 yilda kengash a’zosi Qo‘chqor Norqobilning “Osmon hamma gapni eshitadi” nomli pesasi Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrida, “Uydagi gap ko‘chada” komediyasi Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrida, “Osmonning egasi bor” pesasi Samarqand viloyati musiqali drama teatrida sahnalashtirildi.
Kengash a’zosi Maftuna Muhammadaminova absurd dramalari tarjimalarining 2 tomligini nashrga tayyorladi. “Karkidon” nomli 1-jildi “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etildi.
Yig‘ilishda puxta badiiy asarlar tayyorlash, bu borada mualliflarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashda Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikni tobora kuchaytirish, soha uchun, ayniqsa qo‘g‘irchoq teatrlari uchun yetuk mutaxassislarni tayyorlash va boshqa yo‘nalishlarda amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Nazokat Usmonova,
Ahmadjon Ergashev (surat),
O‘zA