8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni
Davlatimiz siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish hamda jamiyatda millatlararo, dinlararo totuvlikni mustahkamlashdir. Asosiy qomusimizning 19-moddasida O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolarning bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lishi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi va mavqeidan qat’iy nazar qonun oldida tengligi kafolatlangan. Bugun yurtimizad 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillari tinch-totuv, ahil-inoq yashab kelmoqda. 157 ta milliy-madaniy markaz va 38 ta do‘stlik jamiyati faoliyat ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 15 noyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan “Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi”da millatlararo munosabatlar va chet mamlakatlar bilan do‘stona aloqalarni yanada rivojlantirish, respublikamizda yashab turgan turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, an’analari va urf-odatlarini saqlash va rivojlantirish sohasida O‘zbekiston Respublikasining davlat siyosatini samarali amalga oshirish uchun qo‘shimcha ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlar yaratish belgilangan.
Ana shu hujjatlar va ko‘p millati mamlakatimizda qaror topgan bag‘rikenglik muhiti tufayli O‘zbekistonda tojik millatiga mansub aholi ham azaldan do‘st-qardosh bo‘lib yashab kelmoqda. Bu millat vakillarining tili, adabiyoti, urf-odatlari, o‘ziga xos san’at va madaniyatini saqlash va rivojlantirish uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlardan o‘zbekistonlik tojiklar nihoyat mamnundirlar.
Lekin orada shunday paytlar bo‘ldiki, qon-qardosh, quda-anda xalqlar orasiga sun’iy to‘siqlar qo‘yildi. Bir necha yillar davomida o‘zaro bordi-keldi rishtalari uzildi. Shunday holatlar bo‘ldiki, aka-ukalar bir-birlarining to‘y va boshqa xursandchilik marosimlari, hatto azaga ham borolmasdan qoldi. Faqatgina ikki davlat rahbarlarining shaxsiy siyosiy irodalari va bevosita sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarda yangi tarixiy bosqich boshlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yilda Tojikistonga davlat tashrifini amalga oshirishi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarda yangi sahifa ochdi.
Dushanbe shahrida do‘stona muhitda olib borilgan muzokaralar siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish hamda chuqurlashtirishga asos bo‘ldi.
Bir zamonlar yopib qo‘yilgan chegaralar 2018 yilning 1 martidan ochilib, 9 ta o‘tish punkti orqali o‘zbek va tojik xalqlarining emin-erkin harakatlanishlariga imkoniyat yaratildi. Biz, samarqandliklar “Jartepa-Sarazm” chegara posti yo‘li ochilishida ishtirok etdik. O‘sha kuni sim to‘siqlar o‘rnini «do‘stlik darvozalari» egalladi. O‘n yillab bir-birini ko‘rmagan odamlar yana diydor ko‘rishdi. Albatta, ularning xursandchiligini, ko‘z yoshlarini, ikki mamlakat rahbarlariga minnatdorchilik izhorlarini so‘z bilan ifodalash qiyin.
O‘sha damda beixtiyor buyuk fors-tojik shoiri Abu Abdullo Ro‘dakiyning quyidagi baytlari yodimga keldi:
Jahonning shodligi yig‘ilsa butun,
Do‘stlar diydoridan bo‘lolmas ustun.
Har qancha bo‘lsa ham olamda achchiq,
Achchiqroqdir dono do‘stdan ayriliq.
(Hech shodӣ nest andar in ҷahon,
Bartar az didori ro‘yi do‘ston.
Hech talxӣ nest az in talxtar,
Az firoqi do‘stoni purhunar.)
Tarix guvoh, buyuk ajdodlarimiz va mutafakkirlarimiz Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy, Sadriddin Ayniy va Abdulla Qodiriy, Mirzo Tursunzoda va G‘afur G‘ulom, Loiq Sherali va Abdullo Oripov, Nizom Qosim va Sirojiddin Sayid tojiklaru o‘zbeklarning samimiy va sof do‘stligini tarannum etib kelganlar.
G‘afur G‘ulom tojik va o‘zbek xalqlarining yaqinligi borasida shiru shakar vaznida shunday degan:
Az qadim hardu qudovu andaand,
On pisar – tojik, aro‘sash o‘zbek ast.
Modar az Pomir, padar – farg‘onagӣ,
Yo xudash o‘zbek, zabonash tojik ast.
O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning quyidagi baytlari ham davralarda tez-tez takrorlanadi:
Do‘stu qardoshdir azaldan
O‘zbegim tojik bilan.
Ikkisi bir bayt g‘azaldan
O‘zbegim tojik bilan.
Qay yo‘sin aylay qiyos men
Bul shirin do‘stlik so‘zin.
Totlidir boldan, asaldan,
O‘zbegim tojik bilan…
O‘lmas Jamolning mashhur «Ikki tilli bir xalq vasfiga» she’rini esa Tojikiston xalq artisti Jo‘rabek Murodov maromiga yetkazib kuylaydi:
O‘zbekiston o‘g‘lidurman, tojigim gufto pisar,
Rost go‘yam, har kadome sevgilimdir jon qadar.
Ona, deb aytsam birovin, ul biri menga padar,
Hamchu du chashmi siyoham ikki xalq ham mo‘’tabar.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Samarqandda Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykallarining o‘rnatilishini Tojikistonda ham katta xursandchilik bilan kutib olishdi. Dushanbeda Alisher Navoiy nomidagi xiyobon ochilishi va Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy haykallarining ustoz-shogird maqomi aks etgan haykali o‘rnatilishi esa tojik xalqining o‘zbek xalqiga bo‘lgan ehtiromi dalilidir. Toshkent metropoliteni stansiyalaridan biriga Mirzo Tursunzoda nomi berilishi ham adabiy do‘stlik rishtalari yanada mustahkamligidan dalolatdir.
Mamlakatimizda yashovchi tojikzabon fuqarolarning ma’naviy ehtiyojlarini qondirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Vazirlar Mahkamasi muassisligidagi “Ovozi tojik” gazetasi haftada ikki marta nashr etilmoqda. Bizning viloyatimizda esa “Ovozi Samarqand” gazetasi mushtariylarga yetkazib berilmoqda. Respublikamizdagi boshqa hududlarida bo‘lgani singari Samarqandda ham ta’lim tojik tilida olib boriladigan o‘rta maktablar mavjud. Samarqand davlat universitetida, Buxoro va Farg‘ona viloyatlari oliygohlarida tojik guruhlari tashkil etilgan.
Bugun o‘zbek va tojik xalqlari munosabatlari O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasidagi abadiy do‘stlik va ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi hujjat asosida yanada mustahkamlanmoqda. Bu nafaqat ikki xalq, balki Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlashning kafolatidir.
Biz, tojiklar O‘zbekistonday jannatmakon Vatanimizning ravnaqiga munosib hissa qo‘shishni asosiy maqsadimiz va muqaddas burchimiz deb hisoblaymiz. Sevimli shoirimiz Abdulla Oripov yozganidek,
Bul qadrdon ikki do‘stga
Xohishimdir to abad
Topsa bir ma’no masaldan,
O‘zbegim tojik bilan!
Zohir HASANZODA,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
O‘zA