Dostonlarda yashiringan xazina
Sershovqin davraga birdan jimlik choʻkadi. Olomon gurrr etib qoʻzgʻaladi-yu baxshining atrofini qurshab oladi.
Sershovqin davraga birdan jimlik choʻkadi. Olomon gurrr etib qoʻzgʻaladi-yu baxshining atrofini qurshab oladi. Shu onda hammaning koʻnglida bir savol: bu gal qaysini aytarkan-a?..
Bir paytlar toʻyu tomoshalar, bayramu bazmlarga baxshiyu oqinlarimiz fayz kiritgan. Doʻmbira ovozi qosh qoraygandan to tonggacha tinmagan.
Xoʻsh, buning siri nimada? Milliy eposlarimiz asrlar osha barhayotligining boisi ne?
Oʻzbekiston – etnografik oʻlka. Boshqacha aytganda, baxshilar yurti. Qolaversa, oʻzbek xalq dostonlari ajdodlarimizning uzoq oʻtmishidan hikoya qiladi. Ularda xalqimizning orzu-umidlari, oʻy-niyatlari mujassam. Mardlik, shijoat, vatanparvarlik, ona yurtga sadoqat kabi insoniy fazilatlar ulugʻlanadi dostonlarimizda. Shu sababli ham u boqiy meros. Baxshichilik sanʼati namunalari tinglovchilarga zavqu shavq bagʻishlabgina qolmaydi, balki dillarga yaxshilik urugʻini qadaydi, maʼrifat nurini sochadi. “Alpomish”, “Goʻroʻgʻli”, “Kuntugʻmish”ni eshitib ne-ne allomayu fuzalolar, shoiru donishlar kamol topmagan deysiz?!
Prezidentimiz ana shuning uchun ham ezgu tashabbus bilan chiqdi. Bu oʻlmas merosimizni asrab-avaylaylik, ulardan butun dunyo bahra olsin, dedi. Shu tariqa Xalqaro baxshichilik sanʼati festivaliga asos solinib, ushbu nufuzli tadbir har ikki yilda bir marotaba Termiz shahrida oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyildi.
“Baxshilar nafaqat oʻtmishning aks-sadosi, ayni paytda, bugungi kunning ham jarangdor ovozidir”, dedi oʻshanda davlatimiz rahbari. Chindan ham, ota-bobolarimiz hayot yoʻlidan, mardligu jasoratidan ibrat olib ulgʻaygan insondan yomonlik chiqishi mumkinmi?!
Birgina oʻzbek qahramonlik eposi – “Alpomish” dostonini olaylik. Qanchadan-qancha hikmat bor, tarix bor unda. Dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandlik, xalq oʻyinlari haqida qiziqarli maʼlumotlar ham talaygina.
Ajdodlarimizning urugʻchilik tuzumidan davlatchilik tuzumiga oʻtishi jarayoni ham yaqqol aks etgan. Aka-uka Boyboʻri va Boysarilar orasidagi ziddiyat misolida! Bu ogʻaning inisidan mamlakat xazinasi uchun soliq talab qilishi voqeasida namoyon boʻladi.
“Alpomish”ning yana bir bebaho qadr-qimmati mavjud. Dostonda Hakimbekning Barchinni qalmoqlar yurtidan olib kelish lavhasi juda taʼsirchan ifodalanadi. Gʻaroyib sarguzashtlar, qalmoqlar bilan toʻqnashuv, bosh qahramonning jasoratlari... Shular asosida vatanparvarlik, elu yurt manfaatlari uchun kurash gʻoyasi birinchi planga chiqadi. Bu esa asarga milliy epos maqomini beradi. Xulosa ham ham ibratli: Vatanga muhabbat – shaxsiy manfaatlardan ustun!
Dostondagi Qoʻngʻirotdan arazlab ketgan yurtdoshlarini qalmoqlar zulmidan qutqarib, Vatanga qaytarish lavhasi ham odamda or-nomus, oriyat tuygʻularini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Demak, xalq ogʻzaki ijodi namunalari – boy hayotiy tajribalarni oʻzida mujassam etgan bebaho durdonalar. Buni XIX asr Yevropa folklorshunos va etnograflari xulosalari ham tasdiqlaydi. Yaʼni ularning qatʼiy fikriga koʻra, xalqlarning etnik shakllanishi tarixini oʻrganishda xalq ogʻzaki ijodi namunalari ijobiy natija beradi. Bunday yondashuv bizda ham qoʻl kelishi, shubhasiz. Chunki nomoddiy yodgorliklarning aksariyati urushlar, turli bosqinlar oqibatida yoʻq boʻlib ketgan. Ular asosan ogʻzaki ijod namunalari orqali bizgacha yetib kelgan.
Qolaversa, ogʻizdan-ogʻizga, otadan-farzandlarga va ustozlardan shogirdlarga oʻtib kelgan ertagu dostonlarda ham muayyan hayot haqiqatlarini aks ettiruvchi faktlar mavjud. Masalan:
“Xatirchining yoʻlida, qishlogʻi bor Tasmachi,
Xalqni vayron ayladi, uying kuygur bosmachi”.
Yoki:
“Joʻji keldi, Joʻji keldi,
Joʻji bilan boʻji keldi”
singari aytimlarimizda tarixning qaysidir davrlarida xalqqa jabr-zulm koʻrsatilgan voqealarga munosabat bildirilgan.
Yoxud xalqning jamiyat tarixidagi dahshatli voqea-hodisalarga real munosabatini ifodalovchi “Mardikorlik qoʻshigʻi” (Hodi Zarifov yozib olgan)ni tahlil qilaylik:
“Poyezdingni jildirgan,
Oʻtxonasi bilan doʻngalagi.
Dvinskka ketishdi
Mard yigitning bir boʻlagi”
Ushbu satrlarni oʻqigan yoki eshitgan odam chor mustamlakachilik siyosati, oʻsha mashʼum voqeliklarni yaqqol koʻz oldiga keltiradi. Bu – fakt! Yosh yigitlarimiz zoʻrlik bilan mardikorlikka olinib, harbiy inshootlar qurish, sovuq oʻlkalarda daraxt kesish kabi ogʻir yumushlarga jalb etilgani yuqoridagi folklor namunasida aks etgan.
Binobarin, XIX asr boshlarida Yevropa va rus oriyentalistlari, missionerlari Turkiston oʻlkasiga kelib, mahalliy aholidan moddiy va nomoddiy madaniyatga xos materiallarni yozib olishgan va ularni jahonga mashhur gazeta-jurnallarda chop ettirishgan. Ana shu xalq iboralari, maqollari, ertaklari, dostonlari va boshqa folklor asarlari, shuningdek, urf-odat, udum, marosim, xalq ogʻzaki dramasi, xalq sirki singari qadriyatlarimiz haqidagi maʼlumotlar hozirgi kunda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida saqlanayotgan “Turkiston toʻplami”da jamlangan. Masalan, Turkiston general-gubernatorining mafkuraviy ishlar boʻyicha maslahatchisi N.P.Ostroumov “Sartlar”, “Sartlarning maqol va matallari”, “Sart ertaklari” nomli qator kitoblarini Sankt-Peterburg, qisman Toshkentda chop ettirgani bejiz emas. Chunki chor Rossiyasi ideologlari yurtimizni yana-da chuqurroq bilish va yerli aholini boshqarishda uning folklor merosi qulay vosita ekanligini juda yaxshi bilishgan. Shuning uchun ham mustamlakachilar xalqni xotirasidan iloji boricha tezroq mahrum qilib, oʻrnini Gʻarb maʼrifatini targʻib qiluvchi rus-tuzem maktablari, Yevropadagi tomosha vositalari bilan toʻldirishga zoʻr berishgan. Biroq milliy uygʻonish davri oʻzbek maʼrifatparvarlaridan Elbekning “Laparlar”, Gʻozi Olimning “Alpomish” dostoni, “Alla” qoʻshigʻi toʻgʻrisidagi oʻzbek folklori namunalari oʻsha davrdagi “Bilim oʻchogʻi”, “Maorif va oʻqituvchi” kabi matbuot nashrlarida chopetilishi xalq ogʻzaki ijodining milliy uygʻonishda muhim ahamiyatga egaligini tasdiqlaydi.
Bundan tashqari, 1925-yildan boshlab Hodi Zarifov, Gʻozi Olim, Buyuk Karimiy va boshqalar “Alpomish”, “Goʻroʻgʻli” turkum dostonlarini, xalq ertaklari, maqol va matallari, bolalar folklori namunalarini qishloqma-qishloq, ovulma-ovul, shaharma-shahar yurib yozib olgan edilar. Ulardan keyin yetishib kelgan fidoiy folklorshunoslarimiz ham hozirgacha bu ezgu anʼanani davom ettirishmoqda.
Zero, xalq ijodiyoti, ilm-fan qanchalik rivojlanmasin, doimo buloq suvidek pokiza va hayotbaxshligi bilan inson qalbini goʻzal tuygʻular bilan sugʻorib boraveradi. Shunday ekan, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, agar biz bu noyob sanʼatni saqlab qolish uchun bugundan barchamiz birgalikda harakat qilmasak, ertaga, afsuski, kech boʻladi, kelajak avlodlar, tarix bizni kechirmaydi. Buning uchun esa bunday nodir merosimizni farzandlarimiz qalbiga bolaligidanoq ertaklar, kitoblar, multfilmlar va turli oʻyinlar orqali singdirib borishimiz kerak.
Saidqul Alimov,
Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat
instituti dotsenti,
f.f.n