Doston ijrochiligini o‘qitish uslubiyati
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida tashkil etilgan II xalqaro Baxshichilik san’ati festivali doirasida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti professori, san’atshunoslik fanlari nomzodi Botir Matyoqubovning "Doston ijrochiligini o‘qitish uslubiyati" kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Yangi kitob musiqiy oliy ta’lim muassasalarining bakalavr bosqichi uchun "Doston ijrochiligi" ixtisosligi uslubiyati fanidan darslik bo‘lib, unga QR kod shtrixi giper iqtibos dasturi orqali qo‘l telefoni skanneri yordamida ochiladigan 37 ta audio va DVD namunalari (jami 10 soat 20 daqiqa hajmida) joylashtirilgan.
Darslikda dostonchilik tarixi, uslubiyatining qo‘llanilishi, ovoz apparatining anatomiyasi, ovoz turlari, tovush hosil qilish, talaffuz va artikulyatsiya, ijrochilik nafasi, ijro imkoniyatlari va umumuslubiyat masalalari to‘g‘risida so‘z yuritiladi. Shuningdek, kitobdan har bir mavzu yuzasidan glossariy, savollar, mustaqil mashg‘ulotlar, nota namunalari, o‘qish uchun adabiyotlar va pedagogik repertuar ro‘yxati o‘rin olgan.
Ushbu kitob "Baxshichilik san’atining jahon madaniyati sivilizatsiyasida tutgan o‘rni" mavzusidagi II xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilariga berilgan munosib sovg‘alardan biri bo‘ldi, deb xabar qilmoqda
Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek Milliy musiqa san’ati instituti axborot xizmati.
N.Usmonova, O‘zA