Do‘stlikni tarannum etgan yurt
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan qator hamkor tashkilotlar bilan birga Xalqaro bag‘rikenglik kuniga bag‘ishlab 15-21 noyabr kunlari “Ma’rifat va millatlararo bag‘rikenglik” shiori ostida Bag‘rikenglik haftaligi o‘tkazilmoqda.
Haftalik davomida turli madaniy, ma’naviy-marifiy va ilmiy-amaliy tadbirlar ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tayotir. Dastur doirasida poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida “Do‘stlikni tarannum etgan yurt” nomli hujjatli videofilmning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Kurbanov yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanayotgan Bag‘rikenglik haftaligi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar va bundan ko‘zlangan maqsad hususida hamda filmni yaratish bilan bog‘liq jihatlar xususida so‘z yuritdi.

O‘zbekiston Respublikasi kinematografiya agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayev taqdimot ishtirokchilarini qizg‘in qutlab, bu saroyda yangi filmlarning taqdimotini o‘tkazish an’anaga aylangani va bugungi taqdimot ham jamiyatimizning muhim sohalari bo‘lgan millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikka bag‘ishlanganini qayd etdi.
Film rejissyori G‘ayratulla Shukurov tomoshabinlarni ijodiy guruh xodimlari bilan tanishtirib, kartinaning yaratilishi xususida atroflicha so‘zladi.
“Do‘stlikni tarannum etgan yurt” deb nomlangan mazkur film millatlararo munosabatlar sohasida yurtimizda olib borilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan.
Filmda yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillarining tinch-totuv, do‘stlik va ahillikda yashab kelayotgani, mamlakatimizda bu sohada olib borilayotgan milliy siyosat aks ettiriladi. Prezidentimiz Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida jamiyatimizda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilishiga alohida to‘xtalib, 30 iyul – “Xalqaro do‘stlik kuni” munosabati bilan yurtimizda 30 iyul “Xalqlar do‘stligi kuni” deb belgilashni taklif etgani va ushbu tashabbus ko‘pmillatli xalqimiz tomonidan ko‘tarinki ruhda kutib olingani bayon etiladi.
Filmning xronometraji 33 daqiqani tashkil qiladi. Kartinani suratga olishda qo‘mita matbuot xizmati xodimlari mamlakatimizning barcha hududlari xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Andijon, Namangan, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida xizmat safarlarida bo‘lishdi. Filmda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanidagi o‘zgarishlardan tortib Andijon viloyatining Xonobod tumanida turli millat vakillariga yaratib berilgan sharoitlar xususida hikoya qilinadi.
Filmda mamlakatimizda olib borilayotgan isloxotlar, jumladan, tadbirkorlarga yaratilgan sharoitlar, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturi doirasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari va bu isloxotlarga turli millat vakillarining bildirgan ijobiy fikrlari ham o‘rin olgan.
Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi davrida boshpanasiz qolgan minglab turli millat vakillarini o‘z bag‘riga olgan O‘zbekiston xalqi o‘zining bag‘rikengligi va mehmondo‘stligining timsoli sifatida Shoahmad Shomahmudovlar oilasi sharafiga yaratilgan monumentning poytaxtimizdagi Xalqlar do‘stligi maydoniga o‘rnatilganligi haqida ham batafsil hikoya qilinadi.

Yurtimizda mavjud 10 mingdan ziyod maktabning 2 minga yaqinida qardosh tillarda ta’lim-tarbiya olib borilishi, o‘zbek tili bilan qo‘shib hisoblaganda 7 tilda dars o‘tilishi qonuniy ta’minlangani va mana shu yetti tilda davlat tomonidan darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari ham muntazam ravishda chop etib borilishiga alohida urg‘u berilgan.
Film taqdimotidan so‘ng milliy madaniy markazlar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi.
N.Usmonova, O‘zA