Do‘stlikka bag‘ishlangan tadbirlar
O‘zbekiston deb atalmish katta oilada azal-azaldan turli millat vakillari bir dasturxonda non ushatib, bir orzu-umidlar bilan yashab kelmoqda. Bugungi tinch va osoyishta hayotimizning asosida ana shu totuvlik, o‘zaro hurmat va mehr-shafqat tuyg‘ulari yotadi.
Ayniqsa, yoshlar ongida bu qadriyatlarni mustahkamlash jamiyatimizning ertasi uchun eng muhim vazifalardan biridir. Shu boisdan mamlakatimizda Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan har bir ma’rifiy tadbir yoshlar qalbiga do‘stlik, hurmat, tinchlik va birdamlik urug‘ini sepishga xizmat qiladi.

Ana shunday tadbirlardan biri Andijon davlat universitetida “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” mavzusida tashkil etildi.
Uchrashuv doirasida mamlakatimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash, o‘zaro hurmat va do‘stlik qadriyatlarini yuksaltirish, insonparvarlik va mehr-oqibat tamoyillarini yoshlar ongiga singdirish, shuningdek, tinchlik va barqarorlikni asrashda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.


Namangan davlat universitetida bo‘lib o‘tgan “Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik – kelajak taraqqiyotining muhim omili” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyada respublikaning turli hududlaridan professor-o‘qituvchilar, olimlar, doktorantlar, magistrantlar, mutaxassislar va iqtidorli talabalar qatnashdi. Shuningdek, koreys, rus, tojik, qirg‘iz va boshqa milliy madaniy markazlar rahbarlari hamda xodimlari ham faol ishtirok etib, millatlararo totuvlikni mustahkamlash va diniy bag‘rikenglik tamoyillarini rivojlantirish borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Bunday uchrashuvlar orqali yoshlar turli xalqlarning madaniyati, urf-odatlari va dunyoqarashi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
N.Rahmonova, O‘zA