Do‘stlikda har juma – tadbirkorlar bilan uchrashuv kuni
Jizzax viloyatining Do‘stlik tumani hokimi Shavkat Darvishev tadbirkorlik faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yuzaga kelayotgan muammolar bo‘yicha ochiq muloqot o‘tkazdi.
Unda tuman sektorlari, tijorat banklarining tuman filiallari, mutasaddi tashkilotlarning rahbarlari tadbirkorlar hamda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, ularga yaratib berilayotgan imtiyoz hamda pereferensiyalar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Shuningdek, tumanda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar, tadbirkorlikni rivojlantirishda to‘siq bo‘layotgan kamchilik va yuzaga kelayotgan muammolarga to‘xtalib, ularni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilar zimmasiga aniq topshiriq va vazifalar yuklandi.

– Joriy yilning boshidan buyon tijorat banklari tomonidan jami 27 milliard so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratilgan bo‘lib, bu jarayon yana davom etmoqda, – deydi Do‘stlik tumani hokimi Shavkat Darvishev. – Moliyalashtirilishi lozim bo‘lgan yana qanchadan-qancha loyihalarimiz navbat kutib turibdi. Endilikda yangi tartib joriy qilamiz. Taqdim etilayotgan har bir loyihani atroflicha muhokama qilib, shundan keyin, moliyalashtirish uchun tijorat banklariga yuboramiz. Har bir loyihani moliyalashtirish va ishga tushirish o‘zimning nazoratimda bo‘ladi.

Muloqot davomida baliqchilikni rivojlantirish masalasi, ushbu soha ravnaqini yo‘lga qo‘yish uchun kam xarajat talab etadigan tomonlari atroflicha muhokama etildi. Baliqchilik xo‘jaliklarini yangidan tashkil etish va mavjudlarini rivojlantirish bo‘yicha tashabbuskorlar bilan birgalikda ish olib boriladigan bo‘ldi.

Eng muhimi, hokimning birinchi o‘rinbosari boshchiligida yangi loyiha tashabbuskorlari hamda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanuvchi alohida shtab tashkil etildi.
Tadbir davomida tadbirkorlarni qiynayotgan muammo va fikrlari tinglanib, ularning yechimi bo‘yicha alohida nazorat o‘rnatildi.
Bundan buyon haftaning har juma kunini – tadbirkorlar bilan ochiq muloqot kuni sifatida, doimiy hamkorlikda ish olib borishga kelishib olindi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA