Do‘stlik — yurtimizning eng katta boyligi
Dunyoda chegaralar, tillar va madaniyatlar turlicha bo‘lishi mumkin. Ammo barcha xalqlarni birlashtiradigan eng ulug‘ qadriyat bor. Bu — do‘stlik.
Shu bois, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 30-iyul — Xalqaro do‘stlik kuni sifatida e’tirof etilgan.
O‘zbekiston esa bu qadriyatni nafaqat e’zozlaydi, balki uni kundalik hayot tarziga aylantirgan davlatlardan biridir. Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yagona Vatan farzandlari sifatida tinch-totuv yashab, bir maqsad — mamlakat taraqqiyoti yo‘lida yelkama-yelka mehnat qilmoqda. Bu hamjihatlik yangi O‘zbekistonning eng katta yutuqlaridan biri sanaladi.

Ayni kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Do‘stlik” festivali ana shu ezgu g‘oyalarni yanada mustahkamlamoqda. Toshkentdan tortib eng chekka qishloq va ovullargacha bayramona muhit hukm surmoqda. Turli hududlarda adabiy kechalar, do‘stlik uchrashuvlari, milliy taomlar ko‘rgazma va tanlovlari, she’rxonlik va musiqiy bellashuvlar, konsert dasturlari hamda madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Bu tadbirlarda turli millat vakillari o‘z madaniyati, urf-odatlari va an’analarini namoyish etib, bir-birining qadriyatlariga yanada yaqinlashmoqda.

Samarqand shahrida ilk bor o‘tkazilgan “Birodar shaharlar” xalqaro forumi ham do‘stlikning chegara bilmas kuchini yana bir bor namoyon etdi. Forum turli davlatlar shaharlarini yagona muloqot maydonida birlashtirib, xalq diplomatiyasi, investitsiyalar, turizm, ta’lim va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.

Do‘stlikning kuchi shundaki, u nafaqat insonlarni, balki xalqlar va davlatlarni ham yaqinlashtiradi. O‘zaro ishonch mustahkamlangan joyda tinchlik qaror topadi, tinchlik bor joyda esa taraqqiyot va farovonlik bo‘ladi.
Bugun dunyo turli sinovlarga duch kelayotgan bir paytda O‘zbekistondagi millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhiti barcha uchun ibrat bo‘la oladi. Bu boylikni asrash, uni yanada mustahkamlash va kelajak avlodga yetkazish esa har birimizdan mas’uliyat va fidoyilik talab etadi.
Zero, do‘stlik — bu shunchaki yaxshi munosabat emas. U tinchlikning kafolati, taraqqiyotning asosi va yangi O‘zbekistonning eng bebaho boyligi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA