“Do‘stlik forumi” – yangi format poydevori
Farg‘onada bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo va Ozarbayjon do‘stlik forumi”da davlat va xalqlarning integratsiyalashuvi masalasida qiziqarli takliflar aytildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Nodira Jonibekova Markaziy Osiyo Sharq va G‘arbni bog‘lovchi mintaqa sifatida huquqiy maqom olishi zarurligini ta’kidladi.
– Konferensiya doirasida olimlar, huquqshunoslar va siyosatshunoslar muloqoti yangi formatdagi integratsiyaning "S6" formatini institutsionnallashtirish, huquqiy mexanizmlarini aniqlashtirish bo‘yicha takliflarni berishi lozim, – dedi Nodira Jonibekova. – Global miqyosida o‘zgaruvchan muhit mintaqa xavfsizligini nafaqat siyosiy-harbiy jihatdan, balki iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik, axborot xavfsizligi jihatidan ham baholashni taqozo etmoqda. Bu esa mintaqa xavfsizligini ta’minlash uchun yangi formatdagi mintaqaviy yondashuvni talab etmoqda.

Ushbu sharoitda Markaziy Osiyo davlatlarining Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Turkiy tilli davlatlar tashkiloti kabi xalqaro formatlardagi hamkorligi ijobiy natijalarga olib kelmoqda.
Shubhasiz, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarning yangi formati mintaqa va Janubiy Kavkaz o‘rtasida mustahkam ko‘prik barpo etishga olib keladi va ikki mintaqaning strategik bog‘liqligi va barqarorligini kuchaytiradi.
Ozarbayjonning Markaziy Osiyo bilan yaqinlashuvi nafaqat siyosiy, iqtisodiy sohalardagi o‘zgarishlarga, balki barqarorlikni rivojlantirishga ham xizmat qiladi. Xususan, integratsiya jarayoni Markaziy Osiyo davlatlarining global bozorlarga chiqishi uchun barqaror va xavfsiz G‘arbiy yo‘lakning mustahkamlanishida muhim ahamiyatga ega.
Shunday ekan, “Do‘stlik stelasi” bilan boshlangan uch davlat birligidagi yangi format Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari hamkorligi shakliga aylanishi lozim.
O‘zA muxbiri Muhammadjon Obidov yozib oldi.