“Do‘stlik” dasturga tushgan, lekin muammolar bor
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.Ko‘chimov Samarqand shahar “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida sayyor qabul o‘tkazdi.
Dastlab, A.Ko‘chimov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari, shahar va qishloqlarimizda olib borilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari, Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligiga ko‘rilayotgan hozirlik haqida to‘xtalib o‘tdi. Prezidentimiz ilgari surgan “Xalq davlat organlariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil bugun har bir rahbar faoliyatining asosiy mezoniga aylangani qayd etildi.

Samarqand shahrining chekka hududlaridan biri hisoblangan “Do‘stlik” mahallasida joriy yilda “Obod mahalla” dasturi asosida qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ammo mahalla faollari dasturda belgilangan yumushlarni bajarish uchun mablag‘ ajratish va ishlarni sifatli bajarishda muammolar yuzaga kelayotganini qayd etdi.
Ichki yo‘llarni ta’mirlash, ayrim ko‘chalarda ichimlik suvi tarmog‘i tortish ishlari dasturga kiritilmagani aytildi. Shahar hududi bo‘lsada internet tarmog‘i tortilmagan.

Mahalla faoli Matluba Boltayeva 2018 yilda og‘ir xastalikdan keyin ikkinchi guruh nogironi bo‘lib qolganligini ma’lum qilib, ayni paytda ko‘krak saratonidan keyingi salomatligini tiklash uchun kunlik dori-darmon masalasida iqtisodiy muammolardan qiynalayotganligini aytib, yordam so‘radi.
32-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Dildora Mirzayeva esa maktab o‘quvchilari o‘rtasida badiiy ijodga qiziqishi yuqoriligi, ammo ijodiy ishlarini gazeta-jurnallarda yoritish, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishdagi muammolarda yordam so‘rab murojaat qildi.

Mehnat faxriysi O‘ktam Qarshiyev yoshlar ta’lim-tarbiyasi samaradorligini oshirishda mahallalarda ziyolilar, jamiyatda o‘z o‘rnini topgan insonlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, ularning hayoti, faoliyatini yigit-qizlarga ibrat qilib ko‘rsatish kerakligini qayd etdi.
Sayyor qabul davomida mahalla fuqarolari tomonidan o‘ndan ortiq murojaatlar bildirildi. A.Ko‘chimov har bir masalaga tegishli idoralar bilan birgalikda yechim topilishini ma’lum qildi.
Shuningdek, sayyor qabul doirasida mahalla yoshlari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov(surat), O‘zA