O‘zbekiston va Tojikiston xalqlarining o‘zaro do‘stlik va adabiy aloqalari har tomonlama rivoj topayotir
“O‘zbek va tojik xalqlari bir daraxtning ikki shoxi, bir
daryoning ikki irmog‘iga o‘xshaydi. Bizning muqaddas
dinimiz, yerimiz va suvimiz bir. Quvonchu tashvishlarimiz,
taqdirimiz mushtarak. Ajdodlarimizning
an’analarini davom ettirib, xalqlarimiz do‘stligini
mustahkamlashimiz va asrab-avaylashimiz kerak”
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Prezidenti.
Do‘stu qardoshdir azaldan
O‘zbegim tojik bilan,
Ikkisi bir bayt g‘azaldan
O‘zbegim tojik bilan...
Baxtga yor doim Navoiy
To Jomiy bor ekan,
Biz ular qo‘ygan tamaldan,
O‘zbegim tojik bilan...
Mashhur shoir Abdulla Oripovning yuqoridagi satrlari hamon dillarga quvonch, faxrlanish hissi, o‘zgacha shukuh va g‘urur baxsh etadi. Yaqinda Do‘rmon ijod uyiga tojikistonlik taniqli ijodkorlar Saidmurod aka Hojiboyev bilan Jamshid aka Pirimov kirib kelishdi.
– Allohga shukr, besh-olti yildan beri O‘zbekistonga qiynalmay, emin-erkin borib-keladigan bo‘ldik, davlatingiz rahbari Shavkat Mirziyoyevga ming rahmat, – dedi Jamshid aka xursandchiligini izhor etib. – Biz O‘ratepada yashaymiz. Xo‘janddan Toshkentga borish unchalik uzoq emas. Biroq avvalgi yillarda ming bir azob bilan kelar edik O‘zbekistonga. Viza olish, qanchadir pul to‘lash va yana qandaydir ko‘pdan ko‘p hujjatlar tayyorlash tashvishi kishini ezib yuborar edi.
Taniqli shoir Jamshid Pirimovni ancha yillardan beri taniyman. U 1948 yilning 25 aprelida Istaravshan tumanining Maydoncha qishlog‘ida tug‘ilgan. Yurtimizga tez-tez kelib turadi.
–Ilgari O‘zbekistonga borolmay, nevaralarimni ko‘rolmay qiynalardim, ularni sog‘inar edim, – deydi shoir gurung oloviga o‘t qalab. –Ikki o‘g‘lim Toshkentda yashaydi. Ukam el suygan atoqli adib. Shoyim Bo‘tayev ko‘p yillardan beri shu yerda ishlaydi va istiqomat qiladi. Ularni ko‘rgim keladi, shuning uchun Toshkentga qatnab turaman. O‘zbekistondagi shoir va adiblar bilan ko‘p yillardan buyon qadrdonman. Ayniqsa, taniqli shoir, yozuvchi va publitsist Abdusaid Ko‘chimovni juda hurmat qilaman. Asarlari meni hamisha maftun etadi.
Iste’dodli shoir Jamshid aka Pirimovning she’rlarini ancha yillardan beri yod olgandim, ayrimlarini tez-tez o‘qib turar edim.
Mayingdan quy endi,
Bir kayfi keldi,
Badr oqshomida bi-ir sarxush bo‘lay.
Dilorom, kavsariy suvlarda endi,
Hushimdan ayrilib uryon cho‘milay.
Shoirning ukasi Shoyim Bo‘tayevning hikoya, qissa va romanlarini ham doimo ishtiyoq bilan o‘qib turaman. Adibning ko‘pchilik asarlarida hayot haqiqati badiiy bo‘yoqlarda tasvir etilgan, obrazlar tabiiy, personajlar jonli. Asarlaridan biri “Yilning eng yaxshi kitobi” tanlovida g‘olib bo‘ldi. Bu yutuq hammaga ham nasib etavermaydi.
Tojik va o‘zbek xalqlari do‘stligi, shoir va yozuvchilar o‘rtasida adabiy aloqalar tobora mustahkamlanib borayotganini tasdiqlaydigan yana bir nechta misollar keltirishni lozim topdim.
Bu yil sentyabrda mehnat ta’tilining bir qismini Tojikistonda o‘tkazgandim. Surxondaryodan Dushanbega borish unchalik qiyin emas, ikki davlat o‘rtasida postda turgan harbiylarga pasportingizni ko‘rsatsangiz bo‘ldi, oq yo‘l tilab, chegaradan o‘tkazib yuborishadi.
Ijodiy safarimizni dastlab O‘zbekistonga eng yaqin Mirzo Tursunzoda shahridan boshladik. Ilgari bu go‘zal shahar Regar deb atalar edi. Toshkent davlat universitetini bitirayotgan yilim bir kecha mehmon bo‘lgandim bu yerda. Bu gal borganimda ko‘rdimki, shahar juda o‘zgarib ketibdi. Ulkan qurilishlar, osmono‘par binolar aqlingizni shoshirib qo‘yadi. Bu yerda shoir do‘stimiz Hasanboy G‘oyib istiqomat qiladi. Bugun ham u bilan gurunglashdim, kitoblarimni sovg‘a qildim.
Ne zotlarni ko‘rib kelgan bu dunyo,
Armonlarga to‘lib kelgan bu dunyo.
Guldek yashnab, so‘lib kelgan bu dunyo
Sen tufayli shodliklarga to‘lsa bas.
Dushanbega borganimizda Hasanboy G‘oyib hamda Tojikiston xalq shoiri Gulruxsor Safiyeva bilan gurunglashdik. Unga “Muhammad Shayboniyxon” romanimni hadya qildim. Hatto mashhur shoira bilan suratga tushishga ham ulgurdik. U Toshkentga juda ko‘p borganini, do‘stlari ko‘pligini, yana bir necha yildan so‘ng sakson yillik yubileyiga o‘zbek adiblarini taklif etmoqchi ekanini alohida ta’kidladi.
–Men O‘zbekistondagi shoir hamda adiblarning asarlarini hamisha o‘qib turaman. Keyingi yillarda o‘zbek adabiyoti nihoyatda ravnaq topayotir, talantli shoir va yozuvchilar ko‘plab yetishib chiqayotganidan men ham mamnunman, – deydi shoira xursand bo‘lib.
Mashhur ijodkorning quyidagi she’rini bir vaqtlar yod olgandim.
Rashk hayot ipini ketdimi uzib?
Hayotning joniga ishq bog‘lanardi.
Erlar eri mening oshig‘im edi,
Mening oshig‘imdir mardlarning mardi.
Hech ayolni menday etmagan g‘amgin
Qayg‘u tabassumi, yorning jamoli.
Hech vujudga menday bermagan ozor,
Bu hayotda ezgu hislar zavoli.
Gulruxsor Safiyeva bilan qizg‘in suhbatdan so‘ng Tojikiston yozuvchilar ittifoqi raisi Nizom Qosim bilan gurunglashdim. U kabinetidagi kitob javonidan ikkita she’rlar to‘plamini sovg‘a qildi. Men ham xursand bo‘lib o‘zimning “Sevgi sehri” kitobimni unga uzatdim. Taniqli shoir bu bilan ham qanoatlanmay professor, ko‘p yillar Tojikiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari bo‘lib ishlagan Bobojon G‘afurovning “Tojikon” asarini ham inom etdi. Kitob bir million olti yuz ming nusxada nashr etilgan, unda har bir tojik xonadonida saqlanishi zarurligi ta’kidlangan edi. Qariyb ming sahifadan iborat bu ma’naviy obidada o‘zbek va tojik xalqlarining o‘tmishi, hatto Muhammad Shayboniyxon xususida ham qiziqarli va batafsil hikoya qilingani diqqatga sazovor.
Taniqli adib Nizom Qosim Toshkentga kelganida uchrashgandim, asarlarini avval ham o‘qigandim, she’rlaridan ayrim namunalarni adabiy-tanqidiy maqolalarimga epigraf qilib olgan edim.
Shira edi bu beozor jonimga suti,
Lablarimda to‘lib oqqan ariq edi bu.
Har ariq oq she’r misrasi edi, ehtimol,
Oq she’rimni aylaganman o‘shanda orzu...
Qurib qoldi oq sutining bulog‘i endi,
Oq she’rlarim yuragimdan oqadi ravon...
Biror labda ariq yang‘lig‘ onam sutiday,
She’rim oqsin deya orzu qilaman hamon...
Taniqli adib Nizom Qosim bilan rus tilida suhbatlashdik. U oktyabrda Toshkentga borishini, atoqli o‘zbek yozuvchisi Nurali Qobulning roman-pamfletlari taqdimotida qatnashishini aytdi.
–Men sizga ustozimiz, professor Bobojon G‘afurovning “Tojikon” kitobining rus tilidagi nusxasini olib boraman, – dedi Nizom Qosim. –Hozir adiblar ittifoqining majlislar zalida tojik adabiyotining asoschisi va shoiri Rudakiy tug‘ilgan kunga bag‘ishlab katta tadbir o‘tkaziladi, unda albatta ishtirok eting.
Tojiklarning buyuk adibi hayoti va ijodi tarannum etilgan yig‘ilish ancha mazmunli bo‘ldi. Tadbirni Tojikiston xalq shoiri Kamol Nasrullo olib bordi. Ulug‘ shoir Rudakiyning she’rlaridan namunalar o‘qishdi. Rudakiy mukofoti laureati, taniqli estrada xonandasi Daler Nazarovning qo‘shiqlari yuzlab qalblarni zabt etdi.
Shundan so‘ng Tojikiston xalq shoirlari va olimlar Rustam Vahob, Asqar Hakim, Hasan Sulton, Xayrandesh va boshqalar bilan yonma-yon o‘tirib, ulug‘ shoir hayoti va boy ijodi, tojik adabiyotiga qo‘shgan hissasi xususida gurunglashdim. Rudakiy Samarqand yaqinidagi Panjrudak qishlog‘ida tug‘ilgan. Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Tojikiston xalq shoiri Gulruxsor Safiyeva Rudakiy ijodi haqida gapirdi.
Dushanbe shahrida Tojikiston hukumati nashri “Xalq ovozi” gazetasi redaksiyasida ham mehmon bo‘ldim. Bosh muharrir Yoqubjon Abdumannonzoda iste’dodli shoir Alisher Narzullayev bilan Xo‘jand pedagogika institutida oldinma keyin o‘qiganini, shoirga ochiq xat yo‘llaganligini aytib qoldi. U “Ariq bo‘yidagi rayhonlar” kitobida yozgan quyidagi satrlarni mutolaa qilgan har qanday inson qalbi hissiyotlarga limmo-lim bo‘ladi, shoirga hurmati oshadi.
“Daraxtdan uchdi bir yaproq,
dil larzon bo‘ldi,
Qaro tun bag‘rini yirtib
mungli bir azon bo‘ldi.
Tiriklik dashtida yulduzli bul osmon,
Ne kunkim navbahorda besaro somon
bir fasli xazon bo‘ldi
misralaringiz dilimni o‘rtab yubordi. Ha, o‘lim haq. Biroq yigitlikning navqiron chog‘idagi bevaqt ajal... Eslasang, naqd yuraging o‘pirilib ketadi.” Yaratguvchi ham, olguvchi bu jonni, Haq ekan...” deb to‘g‘ri aytibsiz. Alisher, men Xo‘jandni juda sog‘indim. Har kech tushlarimga kirib chiqadi bu azim shahar. Sirdaryoni juda sog‘indim...
Sayxundaryo girdoblari tundek qop-qora,
Oy tubiga cho‘kar tunlar ko‘ylagin yechib.
Sevardimku seni, axir sepkil yuzli qiz,
Muhabbatdan o‘zligimdan o‘zimdan kechib.
Men qaytaman bolalikning ko‘chalariga,
Xotiralar chang yo‘llarda tirilar qaytib.
Chindan qaytarmikan, Alisher? “Mardikor bozor haqida qo‘shiq”ni o‘qib, Xo‘jandning uzoq qishloqlarida g‘isht to‘kib qaytgan talabaday charchab ketdim”
Yuqoridagi satrlarni, dil rozlarini mutolaa qilgan kishining qalbi larzaga kelishi tabiiy. Diling tubida hissiyotlar charx uradi.
“Xalq ovozi” gazetasi o‘zbek tilida, sakkiz mingga yaqin nusxada chop etiladi. Unda ijtimoiy-iqtisodiy sohalardan tashqari ma’naviyat, ma’rifat, adabiyot va san’at mavzularini yoritishga jiddiy e’tibor bilan qaraladi. Tojikistonda esa o‘zbek tilida ijod qilayotgan shoir va adiblar oz emas. Ayniqsa, Sulton Chori, Hasan Erboboyev, Hakim Zokir, Abdulvohid Almatov, Imomqul Eshmurodov, Iskandar Mahmadaliyev, Temurmalik Xo‘jandiy, Fayzulla Abdulazizov, Hasan Berdiqulov va boshqa o‘nlab ijodkorlarning she’r va hikoyalari shu nashrda e’lon qilinayotgani diqqatga sazovordir.
Yaqinda Do‘rmon ijod uyiga yuqorida nomlari tilga olingan tojikistonlik ijodkorlardan to‘rt nafari xursand holda kelishdi. Ular O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining faxriy a’zosi bo‘lishgani tojik va o‘zbek xalqlarining do‘stligi namunasidir.
Shu yilning avgustida Toshkentda tojik tilida nashr etilayotgan “Ovozi tojik” gazetasi yuz yoshga to‘ldi.Buni qarangki, O‘zbekiston respublikasi tashkil etilgan kundan boshlab yurtimizda tojik tilida ham gazeta chop etilgani ikki xalqning do‘stligi yorqin ifodasidir.
Endi ayrim takliflar ham yo‘q emas. Tojikistonda o‘zbek adabiyoti va san’ati, O‘zbekistonda tojik adabiyoti va san’ati dekadalari doimiy ravishda o‘tkazilib turilsa ikkala xalq do‘stligi va adabiy aloqalari yanada mustahkamlanishiga katta hissa qo‘shilgan bo‘lur edi.
Jovli Xushboq,
O‘zA muxbiri