Dorivor o‘simliklarni yetishtirish kengaytirilmoqda
2022 yil 20 mayda qabul qilingan “Dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish va qayta ishlash hamda davolashda ulardan keng foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish hamda qayta ishlashni tashkil etish, dorivor o‘simliklarning madaniy plantatsiyalarini barpo etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashining ishchi guruhi hududlarda bo‘lib, yer maydonlaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish bilan bir vaqtda ushbu qaror ijrosining ham monitoringini olib bormoqda. Jumladan, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani Qamar qishlog‘ida ekin yer maydonlaridan samarali foydalanish bilan bir qatorda dorivor o‘simliklar yetishtirishni rivojlantirish bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borildi.
“Qamar dorivorlari” korxonasiga qarashli 995,9 gektar yerning 23,9 gektari dorivor o‘simliklar yetishtirish uchun ajratilgan. Hozirda bu maydonlarda 72 xil dorivor o‘simliklar yetishtirilmoqda. Adonis, Kovrak, Anzur piyoz, Zirk, Qizildo‘lana, Bo‘ymodaron, Chakanda, Topinambur(yer nok) Qizil tog‘ olcha, Qora andiz, Shirin miya, Qalampir yalpiz shular jumlasidandir. Shuningdek, xo‘jalikda Tog‘rayhon, Temirtikan, Na’matak yetishtirilmoqda.
Hozirda korxona tomonidan faqatgina dorivor o‘simliklar yetishtirish bilan shug‘ullanib qolmasdan, achchiq bodom, o‘rik, yong‘oq, sedana, kunjut va boshqa dorivor o‘simliklardan moy chiqarish uchun Erondan zamonaviy texnologiya olib kelindi. Bundan tashqari MCHJ tomonidan mingta xonadonda dorivor o‘simliklar yetishtirish rejalashtirilmoqda. Shu maqsadda hozirda 285 ta xonadon bilan dorivor o‘simliklar yetishtirishni tashkil etish maqsadida shartnoma tuzildi.
Ayni vaqtda 8 gektar maydonda parvarishlangan Anzur piyozidan rejadagi 20 tonna hosilni yig‘ib-terish ishlari olib borilmoqda.
M.Qosimova, O‘zA