Xabar berganimizdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan yangi PharmUz mobil ilovasi yaratilgan edi. Ushbu mobil ilova orqali dori vositalarining referent narxlarini bilish, dori vositalarining nojo‘ya ta’siri haqida xabar yuborish, tibbiy texnika, tibbiy buyum, biologik faol qo‘shimchalar, ishlab chiqaruvchilar, markirovka kodi orqali dori vositalari to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlarni oson ko‘rib chiqish, qulay qidiruv va filtrlar orqali kerakli ma’lumotni tez va oson topish mumkin. Qayerda bo‘lishdan qat’i nazar, ma’lumotga doimiy kirish imkoni bor.
Nafaqat elektron ma’lumot bazasi, balki farmatsevtika sohasi uchun ishonchli hamroh, har bir savolga javob topa oladigan ushbu raqamli platformada yana bir xizmat ishga tushirildi.
Agentlik axborot xizmati rahbari Anvarxon Akabirov PharmUz ilovasidagi ushbu "Dorilarning nojo‘ya ta’sirlari" xizmatining imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi:
– Endi bemorlar yoki ularning yaqinlari dori vositalarini qabul qilgandan so‘ng yuzaga kelgan nojo‘ya ta’sirlar haqida bevosita mobil ilova orqali tez va oson tarzda xabar berishlari mumkin. Yuborilgan ma’lumotlar farmakologik nazorat (dori xavfsizligi nazorati) bo‘limiga yetkaziladi va mamlakatimizda dori vositalarining xavfsizligini ta’minlash hamda bemorlarni himoya qilish maqsadida tahlil qilinadi.
Xizmatdan foydalanish jarayoni oddiy va qulay. Foydalanuvchilar bemorning umumiy ma’lumotlarini, yuzaga kelgan nojo‘ya ta’sir hodisasi tavsifini hamda foydalanilgan dori vositasi haqidagi ma’lumotlarni ilova orqali to‘ldiradilar. Shuningdek, dori qutisidagi markirovka kodini skaner qilish orqali ayrim maydonlarni avtomatik to‘ldirish imkoniyati ham mavjud.
– Nega bu xizmat muhim?
– Yangi xizmat orqali dori vositalarining xavfsizligi bo‘yicha real vaqt rejimida ma’lumotlar to‘planadi. Sog‘liqni saqlash organlari dori vositasi ta’sirini kuzatib boradi va kerak bo‘lsa, zudlik bilan zarur choralarni ko‘radi. Har bir bemorning tajribasi butun sog‘liqni saqlash tizimini yanada samaraliroq va xavfsizroq qilishga yordam beradi.
Bu jarayonlarda iste’molchilarning ishtiroki juda muhim. Shunday ekan, iste’molchilardan dori vositalaridan foydalanishda nojo‘ya ta’sir sezganda, darhol PharmUz ilovasi orqali xabar berishlarini so‘raymiz. Chunki, birgina xabar millionlab insonlarning salomatligi uchun katta ahamiyat kasb etishi mumkin.
Mohigul Qosimova, O‘zA