Dori-darmon qutichasida “Gidroksixloroxin” bor edi, endi uning oʻrniga...
Mutasaddining ushbu javobi oʻquvchilarning qiziqishini yana-da oshirishi tabiiy.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) koronavirus infeksiyasiga qarshi sinovdan oʻtkazilayotgan preparatlar qatoridan “Gidroksixloroxin” dori vositasini olib tashlagani haqida xabarlar tarqaldi. Hatto bu dorini qabul qilgan bemorlarda oʻlim holatlari koʻpaygani aytil. Ammo Oʻzbekistonda koronavirusdan uyda davolanayotgan bemorlarga bepul yetkazib berilayotgan dori-darmonlar roʻyxatida “Gidroksixloroxin” bor. Bu esa aholida ikkilanish paydo qilmoqda...
Xalqaro press-klubning bugungi sessiyasida OʻzA muxbiri Mohigul Qosimovaning shu mazmundagi savoliga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshligʻi, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov quyidagicha javob berdi:
– JSST pandemiyaning dastlabki kunidan boshlab oʻz protokollarini oʻzgartiryapti. “Gidroksixloroxin” asli bezgak kasalligini davolovchi preparatlar sirasiga kiradi. JSST turli davlatlar taqdim etgan maʼlumotlar asosida uni samarasiz deb baholagandan keyin, Oʻzbekiston Respublikasida ham amal qilinayotgan bayonnomalardan chiqarib tashlangan.
Mutasaddining ushbu javobi oʻquvchilarning qiziqishini yana-da oshirishi tabiiy. Shu bois, Nurmat Otabekovning javobiga oydinlik kiritish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Muvofiqlashtirish kengashi raisi Habibullo Oqilov bilan telefon orqali bogʻlandik.
– Oʻtgan davr mobaynida koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda kerakli tajribaga ega boʻldik, – deydi H.Oqilov. – Siz aytayotgan “Gidroksixloroxin” dori preparatini statsionar sharoitda davolanayotgan bemorlarda foydalanyapmiz. Ammo ambulator, yaʼni uy sharoitida davolanayotgan simptomsiz bemorlar protokolidan olib tashlandi. Toʻgʻri, uy sharoitida davolanayotgan bemorlarga bepul yetkazib berilayotgan dori-darmonlar qutichasida “Gidroksixloroxin” dori preparati bor edi. Endilikda uning oʻrniga “Avigan” qoʻshildi. “Gidroksixloroxin” oʻrniga “Avigan” kiritilgan 5 ming dona dori-darmon qutichasi tayyorlandi va ertadan boshlab Toshkent shahri aholisi uchun tarqatila boshlaydi.