Dori biznesi qurbonlari
Dori vositalari biznesi mamlakatimizda juda keng rivojlangani hech kimga sir emas. Yuzlab dorixonalarning yonma-yon faoliyat yuritishi yurtdoshlarimizni hayron qoldirmay qo‘ygan.
Ammo bu xorijliklar e’tiborini tortib, ularni hayratga solib, “O‘zbekistonda kasallar shunchalik ko‘pmi?” degan savollariga sabab bo‘lib kelmoqda.
Biroq, farmmagnatlar ham, mas’ullar ham negadir bunday e’tirozlarga parvo qilmaydi. Sababi, dorixonalar zamirida milliardlar yashirilgan. Bundan esa osonlikcha voz kechib bo‘larmidi?
Vaholanki, dori-darmonlar shifokor tavsiyasi asosida, zarur hollarda qabul qilinadigan vositalardir. Ammo amalda dorixonalarda oddiy sotuvchi bo‘lib ishlayotgan o‘rta ma’lumotli farmatsevt ham har qanday kasalga o‘zi taxmin qilgan holda dorilarni tavsiya qilib, sotib yuboraveradi. Shunday bo‘lgach, ko‘pchilik shifokor huzuriga borish, tekshiruvdan o‘tishga ketadigan vaqtni “tejab”, to‘g‘ri dorixonaga kiradigan odat chiqardi.
Eng yomoni, nafaqat dorixonalar, balki dorining sotuvga chiqishigacha bo‘lgan jarayonda ham biznes avj olgan. Xorijdan kirib keladigan dori-darmonlar qoidaga ko‘ra, tarkibi tekshirilishi va xavfsizligi kafolatlangan holda sotuvga chiqarilishi kerak.
Amalda esa mas’ullarning ko‘zlarini pullar ko‘r qilib qo‘yayotgan holatlar yo‘q emas. Toshkent shahar sudida davom etayotgan “Dok-1 maks” va boshqa dori vositalari bilan bog‘liq sud jarayonida aytilayotgan fikrlar, berilayotgan ko‘rsatmalar shundan dalolat bermoqda.
Sud tergoviga jalb qilingan soliq xodimi sud jarayonida farmatsevtika sohasiga xorijiy davlatlardan kirib kelgan katta miqdordagi mablag‘lar oqimi aniqlanganini aytib o‘tdi.
Bu mablag‘larning manbasini aniqlash imkoni bo‘lmagan. Ammo mablag‘lar soha xodimlarini rag‘batlantirish maqsadida ishlatilgan.
Ya’ni, dorilarni sertifikatlash, ro‘yxatdan o‘tkazishga mas’ul xodimlar, ularni realizatsiya qiluvchilar va, hatto, shifokorlar bu mablag‘lardan muntazam ulush olgan.
Soliqchilar buni hujjatli tekshiruvlar va pul aylanmalarini o‘rganish natijasida aniqlagan. Keyingi uch yil davomida aylangan mablag‘lar hisobidan soliq organi 9,8 milliard so‘m soliq undirgan.
Eslatib o‘tamiz, “Dok-1 maks” va shunga o‘xshagan dorilarni qabul qilish natijasida o‘tgan yili 65 nafar bola vafot etdi. Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha Toshkent shahar sudida sud jarayoni davom etmoqda.
Sudya Muso Yusupov raislik qilayotgan sud majlisida bolalar o‘limi bilan bog‘liq dori vositalari tarqalishida ishtirok etgan 21 nafar ayblanuvchi sud oldida javob bermoqda.
Aytib o‘tish kerakki, “Dok-1 maks” dori vositasidan vafot etgan bolalar bir kunda emas, bir necha oy davomida vafot etgan. Bunga sabab bo‘lgan buyrak yetishmovchiligini shifokorlar ertaroq payqagan, albatta. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligiga xabar berilgan. Biroq, bu xabardan o‘sha vaqtdagi vazir xabardor qilinmagani aytilmoqda.
Sud jarayoni davom etmoqda. Sud tergovi jarayonida savollarga javob berayotgan sudlanuvchilar va boshqalar o‘z vazifasini bajarganiga, sodir bo‘lgan noxush voqeaga aloqasi bo‘lmagani yoki bevosita aybdor emasligini aytishga urinmoqda. Biroq, go‘daklar o‘limi, ayniqsa, ularning dori biznesi qurboni bo‘lganini kechirish qiyin.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/hPpiwd_6Dso?si=ybuhuyKVpHlYDYpX" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova,
Doniyor Yakubov (video),
O‘zA