Dopinga qarshi kurashda farmakologlar ham ishtirok etadi
Davlatimiz rahbarining “Ma’muriy islohotlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi faoliyatini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashda xalqaro va mahalliy tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini yangicha formatda rivojlantirish antidoping tizimidagi islohotlarda izchillikka erishishda muhim omil sanaladi.
Shu maqsadda O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi hamda Toshkent farmatsevtika instituti o‘rtasida manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Sportda taqiqlangan dori vositalari, sport farmakologiyasi va farmatsiyasi sohalarida keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkazish, ma’lumotlar almashish, o‘quv va uslubiy faoliyat samaradorligini oshirish, sog‘lom sportchilarni tayyorlash uchun sport farmakologlarining bilim va salohiyatini yuksaltirish hamkorlikning asosiy bo‘g‘inlari etib belgilandi.

Memorandumni imzolash jarayonida mutaxassislar sport farmakologiyasi sohasida malakali kadrlarni tayyorlash, “sportda taqiqlangan modda va usullar” milliy platformani amalga oshirishda hamkorlik qilish, taqiqlangan moddalar va uslublar qo‘llanishining oldini olish borasida axborot va ta’lim dasturlarini amalga oshirish, dopingga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv va uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish, farmakologiya va doping mavzusida ko‘rgazmali materiallar tayyorlash va barcha sport tashkilotlariga yetkazish borasida aniq mexanizmlarni yaratish xususida fikr yuritdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA