Donorlik – sharafli yordam, mislsiz savob
Yetti yildirki, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tashabbusi bilan 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun arafasida “Bor mehrimiz senga, bolajon” shiori ostida beg‘araz donorlik aksiyasi tashkil etib kelinadi.
Respublika qon quyish markazi direktori A’lonur Saidovdan mazkur aksiyada qatnashayotgan donorlarning beg‘araz yordamlari va kimlar qon topshirishi mumkinligi xususidagi savollarimizga javob oldik.

– Mazkur aksiyani o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad insonlarda qon quyish uchun xavfsiz qonning muhimligi va qon donorlarining zarurligini chuqurroq anglab yetishlarini shakllantirishdir, – deydi A’lonur Saidov. – Qolaversa, ko‘ngilli donorlarning insoniyat oldidagi xizmatlarini rag‘batlantirib, ularga minnatdorlik bildirishdan iborat.
– Nima uchun aksiya “Bor mehrimiz, senga bolajon” shiori ostida o‘tkazilyapti?
– Bir tomchi qon bu bemor inson uchun butun bir hayot demakdir. Kimningdir kichik yordami kim uchundir katta ma’noga ega, bebaho muruvvat. O‘zgalar sog‘lig‘i va hayotini saqlab qolish uchun o‘z qonidan beruvchi kishilar qarori har qanday tahsinga loyiq.
Bugungi kunda mamlakatimizda qon va qon mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj juda ham katta. Har kuni minglab insonlar donorlar qoniga muhtoj bo‘lishadi. Afsuski, qonni sun’iy tarzda ishlab chiqishning imkoni yo‘q. Uning yagona manbai beg‘araz donorlardir.
“Adolat” SDP tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Bor mehrimiz senga, bolajon!" shiori ostidagi aksiya doirasida yig‘ilgan qon onkologik kasalliklarga chalingan bemor bolajonlarning hayotini saqlab qolishda foydalaniladi.
Mazkur aksiyada turli kasalliklar yoki baxtsiz hodisalar tufayli qonga muhtoj bo‘lgan bemor bolajonlarga hayot bag‘ishlash va ularning sog‘ayib ketishlariga hissa qo‘shishdek xayrli va savobli ishga o‘z hissasini qo‘shish istagidagi fuqarolar qatnashadi.
– Aytingchi, inson organizmida nechi litr qon bo‘ladi va uning qanchasini donor sifatida topshirish tavsiya etiladi?
– Inson organizmida 4,5-5 litr qon bo‘ladi. Ko‘p yillik ilmiy izlanishlar va kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, 500 ml.gacha qon topshirish organizm uchun xavfsizdir.
Har bir donorlik amaliyotida o‘rtacha 350-450 ml. qon olinadi. Organizm yo‘qotilgan qonning o‘rnini 48 soatda qoplaydi, gemoglabindagi temir moddasini esa uzog‘i 2 oyda tiklab oladi. Shuning uchun ham qon topshirish oralig‘i 2 oydan kam bo‘lmasligi kerak. Shundan kelib chiqib, to‘liq qonni yiliga 4-5 marta (erkaklar har 2 oyda, ayollar har 3 oyda) topshirish tavsiya qilinadi. Plazma va qonning boshqa komponentlarini har 14 kunda topshirish mumkin.
– Donorlik qilish uchun qayerga murojaat qilish kerak?
– Markazimizga murojaat qilgan inson, eng avvalo, “Yagona donorlik markazi” ro‘yxatidan tekshiriladi. Bazada ro‘yxatdan chiqmasa, anketa to‘ldiriladi. Anketada berilgan javoblarga qarab, vrach ko‘rigidan o‘tganidan so‘ng gemoglabin topshiradi. Gemoglabin ko‘rsatkichi erkaklarda 128, ayollarda 120 dan yuqori bo‘lsa qon olinadi. Gemoglabin aniqlanganidan keyin, shifokor ko‘rigidan o‘tib, donorlar zaliga kirib, qon topshiriladi. Tahlillar uchun 3 ta probirkaga qon olinadi. So‘ng bemorga quyiladigan qonning yaroqliligi aniqlanadi.
Donor sog‘lig‘i borasida ma’lumotga ega bo‘lib turadi, chunki u doimo tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va u topshirgan qon bir qancha tekshiruvdan o‘tadi: gemoglobin miqdori, qon guruhi va rezus omil aniqlanadi, gepatit V, S, zaxm, brutsellyoz va OITS kasalliklariga tekshiriladi.
Bu tekshirishlar donorlar uchun tekinga o‘tkaziladi va kerak bo‘lganda tahlil natijalari ma’lumotnoma ko‘rinishida donorga beriladi.
– Qanday insonlar donorlik qila olmaydi?
– Har bir inson o‘zida irsiy yoki surunkali kasalliklar bor yoki yo‘qligini yaxshi biladi. Surunkali kasalliklari bor odamlar donorlik qilolmaydi.
– Yurtimizdagi eng faol donorlarning ism-shariflari e’lon qilinadimi yoki bu sir tutiladimi?
– Har yili 14 iyun butun dunyoda qon donorlari kuni sifatida nishonlanadi. Shu kuni insonlar hayotini saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan qonni ixtiyoriy ravishda topshirayotgan donorlarga hamda qon va qon mahsulotlarining sifati, xavfsizligi va mavjudligini ta’minlash uchun muntazam mehnat qilayotganlarga Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti alohida minnatdorlik e’lon qiladi.
Yurtimizda ham shu kuni faxriy donorlar e’lon qilinadi. Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, Faxriy donor ko‘krak nishoni bilan o‘z qonini kamida qirq marta yoki uning tarkibiy qismlaridan bir qismini kamida oltmish marta bepul topshirgan O‘zbekiston fuqarolari mukofotlanadi.
2023 yilda faxriy donorlar soni 25 tani takshil qildi. 2014 yildan beri esa yurtimizda 123 ta faxriy donor bor. Ularning ism- shariflari sir tutilmaydi.
– Tibbiyot talabi bo‘yicha inson nechi yoshgacha qon topshirishi mumkin?
– 18 yoshdan yuqori bo‘lgan insonlar, og‘irligi 50 kilogrammdan yuqori, o‘zini sog‘lom deb bilgan, irqi, kasbi, jinsidan qat’i nazar har bir inson qon va uning komponentlari uchun donor bo‘la oladi.
Lekin ba’zi davlatlarda tug‘ilish kam bo‘lgani bois, qon topshirishdagi yuqori chegara olib tashlangan. Donorlik qonunlariga asosan yurtimizda ham agar yoshi katta odam sog‘lom bo‘lsa, vrach nazorati ostida qon topshirishi mumkin. Ammo biz iloji boricha 65 yoshdan oshgan insonlardan qon olmaslikka harakat qilamiz. Chunki yurtimizda yoshlar ko‘p, ular donorlik qilsa, aholiga bemalol yetadi.
O‘zA muxbiri Nigora Rahmonova suhbatlashdi.