Donishmandlik, doʻstlik, qardoshlik ramzi
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oʻtgan yillar mobaynida qardosh xalqlar adabiyoti, xususan Abay ijodini mukammal oʻrganish, asarlarining tarbiyaviy ahamiyatini targʻib etish masalasiga katta eʼtibor qaratilmoqda.
10-avgust – Abay tavallud topgan kun
Buyuk maʼrifatparvar shoir va mutafakkir, ezgulik va doʻstlik kuychisi Abay Qoʻnonboyevning sharafli nomi, boy ijodiy merosi nainki qozoq xalqi, balki barcha turkiy xalqlar, jumladan, oʻzbek xalqining ham qalbida bezavol yashab kelmoqda. Bu yil Abay tavalludiga 175-yil toʻldi.
Oʻzbekiston va Qozogʻiston davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro doʻstlik va hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga koʻtarilgan bugungi kunda Abay Qoʻnonboyev singari ulugʻ allomalarning oʻlmas merosi xalqlarimiz uchun yana-da muhim maʼno va ahamiyat kasb etadi. Zero, Abay ijodi teran falsafa, kelajakka donishmand nigoh, millat istiqboli haqida qaygʻurishdek tamoyillarga asoslanishi bilan oʻzbek kitobxonlari uchun ham gʻoyat qadrlidir.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oʻtgan yillar mobaynida qardosh xalqlar adabiyoti, xususan Abay ijodini mukammal oʻrganish, asarlarining tarbiyaviy ahamiyatini targʻib etish masalasiga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2018-yil 13-mart kuni qabul qilingan “Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qoʻnonboyev ijodiy merosini keng oʻrganish va targʻib qilish toʻgʻrisida”gi qarori xalqimizni qardosh qozoq adabiyotining yetuk namoyandasi ijodi bilan yana-da kengroq tanishtirish imkonini bermoqda.
Ushbu hujjatga koʻra, Abay merosini oʻrganish, uning asarlarini chop etish, olimlarimiz tomonidan ulugʻ mutafakkir hayoti, ijodi, faoliyatini mukammal tadqiq etish boʻyicha Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, ilmiy-adabiy muassasalar tomonidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Adabiyotshunos Abdulla Rustamovning “Abay abadiyati” risolasi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari Qaldibek Seydanovning shoir ijodi haqida “Umr ibratlari”, “Abay va Oʻrta Osiy adabiyoti”, Yangiboy Qoʻchqorovning “Oqquv qanotiga qoʻngan ohanglar” kitoblari choa etildi. Shoirning sheʼrlari “Koʻzimning qorasi” nomli toʻplamga jamlanib, Yangiboy Qoʻchqorov tarjimasida nashrdan chiqdi. Yaqinda esa poytaxtimizdagi “Donishmand ziyosi” nashriyotida “Ijod” jamoat fondi homiyligida Qodirjon Nosirovning “Mudroye slovo Abaya” (“Abayning dono soʻzi”) kitobini oʻquvchilar qoʻliga yetkazdi.
Abay ijodi barcha xalqlar kabi xalqimiz uchun ham chin doʻstlik, qardoshlik, donishmandlik, komillikka intilish ramzi boʻlib qolaveradi.