Dominikandagi fojia qurbonlari soni ortmoqda
Dominikan Respublikasida tungi klubda yuz bergan fojia oqibatida halok bo‘lganlar soni 184 kishiga yetdi. Bu haqda jurnalistlarga mamlakat Favqulodda yordam markazi direktori Xuan Manuel Mendez bayonot berdi.
– Afsus bilan ma’lum qilmoqchimanki, ayni paytgacha 184 kishining jasadini topdik, – degan u.
Avvalroq 124 inson qurbon berilgani aytilgandi.
Qutqaruvchilar vayrona ostidan shu yerda konsert berayotgan mashhur musiqachi va qo‘shiqchi, mega yulduz Rubbi Peresning ham jonsiz tanasini chiqarib olishgan.
San’atkorning qizi Sulinka Peres bir kun avval jurnalistlarga otasi tirikligi, kasalxonaga yotqizilishi rejalashtirilayotganini bildirgandi.
Oxirgi rasmiy ma’lumotga ko‘ra, dushanbaga o‘tar kechasi Santo-Domingodagi Jet Set ko‘ngilochar majmuasi binosi qulashi natijasida kamida 155 kishi jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Prezident Luis Abinader fojia tufayli 8-10 aprel kunlari mamlakatda uch kunlik motam e’lon qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
S.Rahimov, O‘zA