Dolzarb vazifalar muhokama qilindi
Yangiyo‘l tumanidagi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Yuqori samarali qishloq xo‘jalik mashinalarini yaratish va texnika vositalaridan foydalanish darajasini oshirishning innovatsion yechimlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori o‘rinbosari Bahodir Eshchanov, xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalardan kelgan ekspertlar, olimlar va yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi. Ilmiy muhokamada mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish va mashinasozlik tarmoqlarini rivojlantirishda ilm-fanning o‘rni va ahamiyatini kuchaytirish borasida so‘z yuritildi.


Ayniqsa, xalqaro ilmiy-texnikaviy hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, ilmiy-innovatsion faoliyatda olimlarning faol ishtirokini ta’minlash hamda ular o‘rtasida o‘zaro ilmiy-ijodiy hamkorlikni kuchaytirish, ilm-fanga iqtidorli yoshlarni hamda investitsiyalarni jalb qilish aytildi.
Ta’kidlanganidek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda samarali va raqamli texnologiyalar, yuqori unumdor, chidamli, resurstejamkor va ekologik xavfsiz mashina va mexanizmlardan foydalanish zarur. Ma’ruzalar davomida Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tildi. Xususan, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va elektrlashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha 450 nafarga yaqin fan doktorlari va nomzodlari tayyorlandi. Olimlar tomonidan olingan mualliflik guvohnomalari soni mingtadan oshgan.


Oxirgi 5 yilda institut olimlari tomonidan 30 dan ziyod O‘zbekiston tuproq-iqlim sharoitiga mos, resurstejamkor, eksport o‘rnini bosadigan, yangi qishloq xo‘jaligi texnika vositalarining parametrlarini ilmiy asoslash, tajriba namunalarini yaratish va sinovlardan o‘tkazish ishlari olib borilgan.
Bundan tashqari, xalqaro konferensiya ishtirokchilari tomonidan qishloq xo‘jaligi traktorlari, transport va yuklash-tushirish vositalarining texnik darajasini oshirish, yerga asosiy ishlov beruvchi mashinalarda energiya sarfini kamaytirish, yerlarni ekishga tayyorlash mashinalarining resurstejamkorligi haqidagi masalalar muhokama markazida bo‘ldi.
A.Musayev,O‘zA.