Dolzarb masalalarga bag‘ishlandi
Qashqadaryo viloyati faollari yig‘ilishida 2014-yil yakunlari va 2015-yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari atroflicha muhokama etildi.
Qashqadaryo viloyati faollari yig‘ilishida 2014-yil yakunlari va 2015-yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari atroflicha muhokama etildi.
Viloyat hokimi Z.Ro‘ziyev boshqargan yig‘ilish sim orqali muloqot tarzida tashkil etilib, muhokama jarayonlarini barcha tuman va shahar mahalliy Kengashlari deputatlari, boshqarma va idoralar, yirik sanoat korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari rahbarlari, qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, kasb-hunar kollejlari direktorlari kuzatib borish, fikr bildirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Yig‘ilishda asosiy e’tibor Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosiga qaratildi.
Viloyat iqtisodiyotida 2014-yilda barqaror o‘sish sur’atlari ta’minlanib, viloyat yalpi hududiy mahsuloti 7,9 foiz o‘sdi. Jumladan, sanoat mahsulotlari hajmi 6,7, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish 5,8, kapital qo‘yilmalar 5,6, jami xizmatlar 18,1, pudrat ishlari 20,1, chakana savdo aylanmasi 16,2, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 6,2 foizga o‘sishi ta’minlandi.
Hisobot davrida 2013-yilning shu davriga nisbatan 102 milliard so‘m ko‘p – 1 trillion 110 milliard 483 million so‘mlik iste’mol mollari ishlab chiqarildi. 541 chorvachilik, 117 parrandachilik, 82 baliqchilik va 97 asalarichilik xo‘jaligi tashkil etilib, mahsulot ishlab chiqarish hajmi bir necha barobar oshdi.
Mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan loyihalarning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida 100 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlanib, belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari ortig‘i bilan bajarildi. 24,3 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Yil davomida moliyalashtirishning barcha manbalari hisobidan 3,9 trillion so‘mlik investitsiya o‘zlashtirildi.
Xizmatlar va servisni rivojlantirish dasturiga asosan 1 ming 147 savdo va umumiy ovqatlanish hamda xizmat ko‘rsatish shoxobchasi tashkil etildi. Natijada 2 ming 720 ish o‘rni yaratildi.
Tanqid va tahlil ruhida o‘tgan yig‘ilishda erishilgan yutuqlar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar qayd etildi. Xususan, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish, meva-sabzavotni qayta ishlash va eksport qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish borasida olib borilayotgan ishlar mavjud imkoniyat va salohiyat darajasida emasligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish, 2015-yilda sanoatning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish, xususiy mulkchilik va tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash masalalari bo‘yicha galdagi vazifalar belgilab olindi.
Qashqadaryo viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.Ibragimov so‘zga chiqdi.