Shu kunlarda respublikamiz bo‘ylab “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida o‘quvchi-yoshlar va uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni sog‘lomlashtirish va har tomonlama rivojlantirish maqsadida madaniy va ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Jumladan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi “Amaliy-o‘quv markazi” harbiy xizmatchilari va kursantlari Yangihayot tumanida joylashgan 356-sonli umumta’lim maktabida profilaktik tadbir o‘tkazdi.
Unda mutaxassislar tomonidan yong‘in xavfsizligi qoidalari, maxsus kiyim-boshlar, favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakatlanish xususida tushunchalar berildi.

Shuningdek, birlamchi yong‘in o‘chirish vositalaridan foydalanish tartibi, yosh bolalar sho‘xliklari natijasida sodir bo‘layotgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yozgi mavsumda belgilangan joylarda cho‘milish qoidalari bo‘yicha zarur tushunchalar va ma’lumotlar berildi.
Yong‘in-qutqaruv xizmatida foydalaniladigan texnikalar, asbob-anjomlar, ayniqsa shaxsiy himoya vositalari va maxsus kiyim-boshlarni bolalar o‘zlari kiyib ko‘rib, qutqaruvchilik kasbiga bo‘lgan qiziqishlari yanada ortdi. Ushbu tadbir ularning qalblarida iliq taassurot qoldirdi.
Tadbir yakunida bolajonlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar batafsil javob berishdi.
Bu kabi tadbirlar Akademiya jamoasi tomonidan tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA