“Dolzarb 40 kunlik”da qorako‘lchilik klasterlari ham faol
Ma’lumki, joriy yil 11 oktyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarni obod qilish va “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda o‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, mamlakatimiz bo‘ylab 20 oktyabrdan 1 dekabrga qadar ko‘chat ekish bo‘yicha “Dolzarb 40 kunlik” e’lon qilindi.

Shunga ko‘ra, “Dolzarb 40 kunlik” doirasida “Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish” uyushmasi boshchiligida viloyat qorako‘lchilik klasterlari tomonidan yo‘l chetlari va bo‘sh yerlarga ko‘chat ekish tadbirlari tashkil etilmoqda.

Shuningdek, viloyat qorako‘lchilik MCHJlarida otarlardan xabar olinib, har xil kasalliklarga qarshi emlash, zooveterinariya tadbirlari, chorva qishlovi uchun cho‘pon uylari, qo‘ra-qo‘tonlarni ta’mirlash, otarlardagi chorva mollari holatini ko‘zdan kechirish ishlari bajarildi.
Katta ozuqa zaxiralarini yaratish, chorva mollarini qo‘shimcha oziqlantirish, qochirish mavsumini namunali o‘tkazish ishlari mutaxassislar nazoratida o‘tkazilmoqda.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA