“Dolzarb 30 kunlik” tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda
Joriy yilning 1 iyulidan 1 avgustiga qadar favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha hukumat komissiyasining tegishli bayonnomasiga muvofiq Jizzax viloyatining barcha hududlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha “Dolzarb 30 kun”lik tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
Ana shu dolzarb 30 kunlik doirasida yoz mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarning oldini olish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash maqsadida bir qator tadbirlar o‘tkazish belgilab qo‘yilgan. Ushbu profilaktik tadbirlar Jizzax viloyat FVB va uning shahar bo‘limi xodimlari tomonidan tashkil etilib, unda viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi chaqiriluvchilarning harbiy texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazi tarbiyalanuvchilari ishtirok etdi.

Tadbirda sodir bo‘layotgan yong‘inlarning aksariyat qismi elektr uskunalari va sovitish vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya etilmasligi oqibatida ro‘y berayotganligi, yong‘in yuzaga kelgan vaqtda fuqarolar evakuatsiyasini to‘g‘ri tashkil etish, birlamchi yong‘in o‘chirish vositalaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.

Shuningdek, ishtirokchilarga “shartli yong‘in”ni o‘chirish texnikalari va ulardan foydalanish talablari, aholi yashash joylarida va aholi ko‘p yig‘iladigan maskanlarda xavfsizlikni ta’minlash borasida ham atroflicha tushunchalar berildi.

Bulardan tashqari, favqulodda vaziyat sodir bo‘lgan taqdirda fuqarolar evakuatsiyasini tashkil etishda, avvalo, nimalarga e’tibor qaratish kerakligi, yong‘in sodir bo‘lgan taqdirda o‘t o‘chirish vositalaridan to‘g‘ri foydalanish tartib-qoidalari markaz talabalariga ko‘rgazmali tarzda namoyish etildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA.