Toshkent shahar sudida “Dok-1 maks” dori vositasi bilan bog‘liq jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakuniga yetdi.
Mazkur jinoyat oqibatida 86 nafar bola jabrlandi. Ulardan 68 nafari vafot etgan va 16 nafari og‘ir, 2 nafari yengil tan jarohati olgan.
Bu Hindistonda ishlab chiqarilgan “Dok-1 maks” siropi va boshqa dori vositalari iste’mol qilingani oqibatida ro‘y berdi. 2022-yilning kuz oylarida yuz bergan mazkur noxush voqea ortidan Davlat xavfsizlik xizmati jinoyat ishi qo‘zg‘atib, tergov harakatlarini olib bordi.
"Dok-1 maks" ishi bo‘yicha sud jarayoni 2023-yil 11-avgust kuni boshlangan edi. Ish bo‘yicha dastlab 21 nafar ayblanuvchi sud oldida javob bergan bo‘lsa, sud tergovi paytida ishga aloqador boshqa shaxslar ham aniqlandi. Keyinchalik esa sudlanuvchilar soni 23 nafarga yetdi.
Ushbu jinoyat ishi Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Muso Yusupov raisligida birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqildi.
E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra:
"Quramax Medikal" MCHJ direktori bo‘lib ishlagan, hindistonlik Singx Pratapga nisbatan 20-yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.
Qolgan sudlanuvchilar O‘zbekiston fuqarolari bo‘lib, ulardan B.Kambaraliyev (“Quramax Medikal” MCHJ savdo direktori lavozimida ishlagan)ga 4-yil 3 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan o‘tash uchun 3-yil 11 oy 18 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi;
N.Mirzaahmedova (“Quramax Medikal” MCHJ ro‘yxatga olish bo‘yicha menejeri lavozimida ishlagan)ga 10-yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. N.Mirzaahmedovaga nisbatan Jinoyat kodeksining 72-moddasiga asosan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hisoblanib, 3-yil sinov muddati belgilandi.
E.Mirzaahmedov ("Quramax Medikal" MCHJ bosh hisobchisi lavozimida ishlagan)ga 4-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi;
S.Kariyev (Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori va uning huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori lavozimlarida ishlagan)ga 18-yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi;
A.Azimov (“Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan)ga 16-yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi;
N.Musayev (“Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori o‘rinbosari, Farmakopeya qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimlarida ishlagan)ga 16-yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi;
G.Saliyeva (“Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori yordamchisi, ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan)ga 3-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan o‘tash uchun 1-yil 10 oy 10 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi;
Sh.Shodmanov (“Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi vitse-boshlig‘i lavozimida ishlagan)ga 16-yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi;
J.Erkiniy (“Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi bosh mutaxassisi lavozimida ishlagan)ga 5-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan o‘tash uchun 4-yil 6 oy 26 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi;
S.Saidov (“Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK Farmakologiya qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan)ga 4-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi;
J.Shamshetov (“Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi bosh mutaxassisi lavozimida ishlagan), A.Jalilov (“Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK Farmakopeya qo‘mitasi yetakchi mutaxassisi lavozimida ishlagan) va G.Xalilova (“Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK Farmakologiya qo‘mitasi yetakchi mutaxassisi)ga 5-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi;
G.Boltabayeva (“Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK dori vositalari sifatini nazorat qilish va standartlashtirish laboratoriyasi mudiri)ga 3-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi;
M.Hamdamov (“Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ direktori lavozimida ishlagan)ga 4-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan o‘tash uchun 2-yil 10 oy 1 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi;
Sh.Xolmurodov (“Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ Sertifikatlashtirish organi rahbari lavozimida ishlagan)ga 4-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan o‘tash uchun 3-yil 4 oy 24 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi.
N.Shukurullayeva (“Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ Sinov markazi rahbari)ga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 110 baravari miqdorida, ya’ni 33 million so‘m jarima jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan 17 million 190 ming so‘m jarima jazosi qoldirilib, tayinlangan jarimani davlat foydasiga undirish belgilandi;
Sh.Abdug‘aniyev (“Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ direktori o‘rinbosari lavozimida ishlagan), F.Fayziyev (“Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ Sertifikatlashtirish organi rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlagan) va I.Mirzayoqubov (“Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ Sinov markazi rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlagan)ning har biriga 2-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi;
F.Tolipov (“Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi bosh mutaxassisi, Farmakologiya qo‘mitasi bosh mutaxassisi lavozimlarida ishlagan)ga 3-yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilandi.
F.Nazarov (“Origin Solution” va “Medreg” MCHJlar direktori)ga nisbatan ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3-yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Sudlanuvchilar S.Pratap, N.Mirzaahmedova, S.Kariyev, A.Azimov, N. Musayev, Sh.Shodmanov va J.Erkiniydan solidar tartibda “Dok-1 maks” va “Ambronol” dori vositalaridan zaharlanib, vafot etgan 68 nafar marhum va 4 nafar sog‘lig‘i o‘ta og‘ir ahvoldagi bolaning qonuniy vakillarining har biriga 1 milliard so‘mdan, sog‘lig‘ining ahvoli qoniqarli bo‘lgan 4 nafar bolaning qonuniy vakillarining har biriga 500 million so‘mdan hamda sog‘lig‘i yaxshilangan 8 nafar bolaning qonuniy vakillarining har biriga 200 million so‘mdan ma’naviy zarar undirilishi belgilandi.
Sudlanuvchi Sh.Shodmanovdan olgan pora miqdori qiymati – 881 million 814 ming so‘mni, sudlanuvchilar A.Azimov va N.Musayevdan solidar tartibda – 93 million 810 ming so‘mni davlat foydasiga undirish belgilandi.
Jabrlanuvchilarning qonuniy vakillariga jinoyat doirasida yetkazilgan moddiy zararlarni undirish masalasida fuqarolik ishlar bo‘yicha sudlariga murojaat qilish huquqi tushuntirildi.
S.Pratap, B.Kambaraliyev va E.Mirzaahmedovdan solidar tartibda 5 milliard 420 million 177 ming 400 so‘m soliq qarzdorligi davlat foydasiga undirilishi belgilandi.
Sudya birinchi instansiya sudining hukmidan norozi taraflar hukm e’lon qilingan kundan boshlab, sudlanuvchi va jabrlanuvchilar hukm nusxasini olgan kundan boshlab o‘n sutka ichida apellyatsiya tartibida yoki hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng kassatsiya tartibida Toshkent shahar sudiga shikoyat berishi, prokuror protest keltirishga haqli ekanligini ma’lum qildi.
Sud majlisi tugagach, jabrlanuvchilar bilan suhbatlashdik.
– Sudya kim haq, kim nohaq ekanini yaxshi biladi, albatta, – deydi jabrlanuvchilardan biri Azamat O‘temurodov. – Bunday jinoyat uchun qonunchilikda 20-yilgacha nazarda tutilgan ekan. Iloji boricha maksimal jazo berdi. Jabrlanuvchilarga bir milliard so‘mdan ma’naviy zarar berilishi aytildi. Lekin o‘g‘lim tirilib kelsa-yu, bir marta “dada” desa, buning oldida har qanday milliardlardan ustun edi. Afsuski...
– Sud adolatli o‘tdi, deb o‘ylayman, – deydi jabrlanuvchilardan yana biri Bo‘tako‘z Jumag‘aliyeva. – Sudyadan minnatdormiz, bizning yonimizda turishga intildi. Biroq, bolamning sog‘inchi, iztirobi 1,5-yil o‘tsa ham hali bosilmadi. Bu tuyg‘uni so‘z bilan ifodalash juda qiyin... Bandamiz, ko‘nmay ilojimiz yo‘q. Katta o‘g‘lim hali ham ukasini qidiradi...
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/TqwWQxIu2jU" title="“Dok-1 maks ishi”: sudlanuvchilarga 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Norgul ABDURAIMOVA, O‘zA muxbiri