Doha – 2030: Qatar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlikni boshladi
Qatar 2030-yilgi Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilishga tayyorgarlik ko‘rar ekan, 2036-yilgi Olimpiadani ham qabul qilish niyatini bildirdi.
Qatar Osiyo o‘yinlari bayrog‘ini Yaponiyaning Ayti-Nagoya shahridagi musobaqalar yopilish marosimida qabul qilib oldi. Shu bilan Doha uchun 2030-yilgacha bo‘lgan to‘rt yillik tayyorgarlik davri boshlandi.
Mamlakat 2006-yilda ham Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilgan. Endilikda Qatarning sport bo‘yicha rejalari yanada katta: Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat 2036-yilgi jahon Olimpiadasini o‘tkazishga qiziqish bildirgan yetti davlatdan biri. Bu ro‘yxatdan Hindiston, Janubiy Afrika, Janubiy Koreya, Germaniya, Vengriya va Turkiya ham o‘rin olgan.
Qatardagi Osiyo o‘yinlari bilan bir qatorda, Formula-1ning Yaqin Sharqdagi taqdiri ham oydinlashdi. Chempionat rahbari Stefano Domenikali ma’lum qilishicha, Qatar Gran-prisi 29-noyabr, Abu-Dabi Gran-pri esa 6-dekabr kuni o‘tkaziladi.
Bu qaror mintaqadagi keskinlik sabab mavsumning so‘nggi poygalari taqdiri bir necha oy davomida noaniq bo‘lib turganidan keyin qabul qilindi. Mavsumda Bahrayn va Saudiya Arabistonidagi poygalar bekor qilingan, hatto Abu-Dabi bosqichini Italiyaning Imola shahriga ko‘chirish varianti ham muhokama qilingan edi.
Musulmon Ziyo, O‘zA