Toshkent shahar hokimligida Dog‘iston Respublikasi sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Xadjimurad Israpilov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Toshkent va Dog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik, iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi. Xususan, Dog‘istonning baliqchilik, charm oyoq kiyim ishlab chiqarish, elektronika sanoati vakillari poytaxt tadbirkorlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes aloqalarga tayyorligini ta’kidlashdi.
Shahar hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonov o‘z navbatida, Toshkentning hamkorlik uchun tayyor ekanini, tadbirkorlar hamda nazorat tashkilotlari bilan uchrashuvlar tashkil etilishida amaliy yordam ko‘rsatilishi haqida ma’lum qildi. Xadjimurad Israpilov ushbu samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, savdo-iqtisodiy hamkorlik boshqa yo‘nalishlardagi munosabatlarga ham yo‘l ochishini ta’kidlab o‘tdi.
Uchrashuv so‘ngida muhim kelishuvlarga erishildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA