Do‘stlik va o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlik
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyevning taklifiga binoan 5-sentabr kuni davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatga keldi.
Bishkek, 5-sentabr. O‘zA maxsus muxbiri Abu Bakir O‘rozov xabar qiladi.Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyevning taklifiga binoan 5-sentabr kuni davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatga keldi.
Bishkek shahridagi «Manas» xalqaro aeroportida mamlakatimiz Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Davlatimiz rahbarini Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev kutib oldi. Ikki davlat bayroqlari bilan bezatilgan aeroportda oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat madhiyalari yangradi. Davlat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi an’anaviy hamkorlik yanada boyib, o‘zaro aloqalar sezilarli ravishda faollashdi. Davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlari, hukumatlar va hududlar darajasida delegatsiyalar tashrifi amalga oshirildi.
Xalqlarimiz azaldan bir daryoning ikki qirg‘og‘ida, yaqin qo‘shni sifatida yashab kelgan. Tariximiz umumiy, madaniy va diniy qadriyatlarimiz mushtarak, an’ana va urf-odatlarimiz o‘xshash. Mashhur adib Chingiz Aytmatov aytganidek, "Xalqlarimizning qoni bir, tili bir".
Bishkek shahridagi Ala-Archa qarorgohida Prezidentlarning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash istiqbollari, mamlakatlarimizning chegaraoldi hududlari aloqalarini faollashtirish, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar muhokama qilindi.
Prezidentimiz Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentiga samimiy qabul va O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilgan yuksak ehtirom uchun minnatdorlik bildirdi.
Xalqlarimiz o‘rtasida tarixan shakllangan qardoshlik va ahil qo‘shnichilik munosabatlarini yuksak qadrlaymiz. Aynan mana shu munosabatlar ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda, dedi davlatimiz rahbari.
Almazbek Atamboyev Shavkat Mirziyoyevni Qirg‘izistonga davlat tashrifi bilan qutlab, bu ikki davlat o‘rtasida oliy darajadagi muloqotlarning mantiqiy davomi, tomonlarni qiziqtirgan masalalarni muhokama etish uchun qulay imkoniyat ekanini ta’kidladi. Ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalari barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganini qayd etdi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari muzokaralari rasmiy delegatsiyalar ishtirokida davom ettirildi.
Muzokaralarda ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish xususida atroflicha fikr almashildi.
O‘zbekistonning tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasi asosiy yo‘nalish sifatida ustuvorlik kasb etadi. Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atamboyevning o‘tgan yil dekabr oyida Samarqandga tashrifi bugungi muloqotlarga debocha bo‘lib, muzokaralar «Samarqand uchrashuvi ruhi» asosida davom ettirildi.
2017-yilning o‘tgan davrida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 60 foiz o‘sdi.
Uchrashuvda Prezidentlar suv resurslaridan davlatlarimiz umumiy manfaatlariga mos ravishda oqilona foydalanish borasida ham kelishib oldi.
Ikki davlat rahbarlari avvalgi muloqotlarida mintaqada samarali transport yo‘llarini rivojlantirish, Qirg‘iziston hududi orqali Xitoy bilan bog‘laydigan qisqa masofali temir yo‘l barpo etish bo‘yicha muzokaralar olib borgan edi. Bu galgi uchrashuvlarda uning huquqiy asoslarini yaratishni jadallashtirish bo‘yicha kelishib olindi.
Qisqa vaqt ichida hududlarimiz o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlandi. Qirg‘izistonning Batken, Jalolobod, O‘sh viloyatlari vakillarining Andijon shahriga, O‘zbekiston delegatsiyasining O‘sh shahriga tashrifi amaliy natijalar tasdig‘idir.
Prezidentimiz shartnomaviy majburiyatlarni amaliyotga izchil tatbiq etish maqsadida chegaraoldi hududlarda Hokimlar kengashi tuzishni taklif qildi.
Ikki davlat o‘rtasida madaniy-gumanitar sohalardagi yaqin hamkorlik, do‘stlik va qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash va kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu ma’noda, joriy yil fevral oyida Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi O‘sh davlat o‘zbek musiqali akademik drama teatrining Farg‘ona vodiysiga ijodiy safarini, iyun oyida esa Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri jamoasining O‘sh, O‘zgan, Aravon, Novqat, Qorasuv, Jalolobod shaharlariga ijodiy safarini alohida qayd etish lozim.
O‘zbekiston ko‘magida O‘sh shahrida qurilayotgan umumta’lim maktabi xalqlarimiz do‘stligining yorqin namunasi bo‘ldi. Mazkur maktab zamonaviy o‘quv jihozlari va anjomlari, darsliklar, badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanadi.
Joriy yil oktabr oyida Qirg‘izistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari, 2018-yil O‘zbekistonda Qirg‘iziston madaniyati kunlarini o‘tkazishga kelishib olindi.
Yaqinda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalida Qirg‘iziston vakillari muvaffaqiyatli ishtirok etib, ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Bugun O‘zbekistonda 300 mingga yaqin qirg‘iz millatiga mansub yurtdoshlarimiz istiqomat qiladi. Ularning o‘z madaniyati, tili, an’ana va urf-odatlarini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. 6 ta qirg‘iz milliy madaniy markazi faoliyat ko‘rsatmoqda, 56 maktabda ta’lim qirg‘iz tilida olib boriladi.
Muzokaralar o‘zaro munosabatlar izchil rivojlanayotgani va ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikning istiqboli porloq ekanini yorqin namoyon etdi.
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Almazbek Atamboyev O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida Qo‘shma bayonot va O‘zbekiston – Qirg‘iziston davlat chegarasi to‘g‘risida shartnomani imzoladilar. Andijon va O‘sh, Toshkent va Bishkek shaharlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik to‘g‘risida, ikki davlat Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida, Soliq qonunchiligiga rioya qilish masalalari bo‘yicha hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risida, Mintaqalararo hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo, ilmiy-texnikaviy hamkorlik, Oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitimlar, Chegaradosh mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish bo‘yicha 2017-2019-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlar rejasi, Parlamentlararo hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum va boshqa muhim hujjatlar imzolandi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev va Almazbek Atamboyev muzokaralar o‘zaro hurmat, ishonch va amaliy ruhda o‘tganini, erishilgan tarixiy kelishuvlar O‘zbekiston Qirg‘iziston hamkorligini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishini ta’kidladilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iziston Respublikasiga davlat tashrifi davom etmoqda.