Dmitriy Shokin – Butunjahon universiadasi g‘olibi
Janubiy Koreyaning Kvandju shahrida o‘tkazilayotgan XXVIII Butunjahon universiadasida hamyurtimiz Dmitriy Shokin oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Janubiy Koreyaning Kvandju shahrida o‘tkazilayotgan XXVIII Butunjahon universiadasida hamyurtimiz Dmitriy Shokin oltin medalga sazovor bo‘ldi.Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun barcha sharoitni yaratish, yosh iqtidor egalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasida xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilayotgan chempionlarning yangi avlodi yetishib chiqmoqda.
Buni taekvondochimiz Dmitriy Shokinning faoliyatida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Endigina yigirma uch yoshni qarshilagan sportchimiz ko‘pchilik orzu qilgan natijalarga erishib kelmoqda. U taekvondo (WTF) bo‘yicha qator davlatlarda o‘tkazilgan nufuzli turnirlarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan. 2014-yili Toshkent shahri mezbonlik qilgan Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkazilgan XVII Osiyo o‘yinlarida kumush medal bilan taqdirlandi. Joriy yilning 12-18-may kunlari Rossiyaning Chelyabinsk shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida o‘z vazn toifasida barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, jahon chempioni bo‘ldi.
Ayni paytda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tahsil olayotgan Dmitriy XXVIII Butunjahon universiadasida ham Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, xalqimizning ishonchini oqladi.
Taekvondo (WTF) bo‘yicha bellashuvlarda 87 kilogrammdan yuqori vazn toifasida qatnashgan tajribali sportchimiz ispaniyalik Adrian Kabo Estebanni 12:0, chorak finalda turkiyalik Kaan Kilichni 14:9, yarim finalda eronlik Mehran Askariyni 9:7 hisobida, hal qiluvchi bahsda Janubiy Koreya vakili Yonkyun Parkni 2:1 hisobida yengib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
G‘olib sportchimiz sharafiga Vatanimiz bayrog‘i baland ko‘tarilib, davlatimiz madhiyasi yangradi.