Dizaynerlar tanlovi g‘oliblari aniqlandi
Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida “Sirdaryoning milliy brendi” shiori ostida o‘tkazilgan dizaynerlar tanlovining viloyat bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur tadbir hududda ijodiy muhitni rivojlantirish, milliy qadriyatlarni zamonaviy dizayn orqali targ‘ib etish hamda yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Tanlovda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan iqtidorli dizaynerlar ishtirok etishib, o‘zlarining eng sara ishlarini namoyish etishdi. Taqdim etilgan to‘plamlarda milliylik va zamonaviylik uyg‘unligi, Sirdaryoga xos madaniy rang-baranglik, xalq amaliy san’ati an’analari hamda tarixiy merosning badiiy ifodasi yaqqol aks etdi.

Ayniqsa, liboslar dizaynida milliy naqshlar, an’anaviy matolar va zamonaviy uslublarning uyg‘unlashuvi mutaxassislar va tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu esa milliy brend yaratishda yangi qarashlar va innovatsion yondashuvlar shakllanayotganidan dalolat beradi.

Tanlov jarayonida hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchilarning ijodiy yondashuvi, g‘oyaning dolzarbligi, dizayn sifati hamda milliylikni qay darajada aks ettira olganligi asosiy mezonlar sifatida baholandi.

Yakunlarga ko‘ra, dizaynerlar yo‘nalishida 1-o‘rin Sayxunobod tumani vakili Gulchehra Soliyevaga nasib etdi. 2-o‘rin Oqoltin tumanidan Umidaxon Oqilxo‘jayevaga, 3-o‘rin esa Mirzaobod tumanidan Hurriyat Karjovaga berildi. G‘olib va sovrindorlar diplomlar hamda viloyat hokimligining qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Shuningdek, tadbir doirasida milliylik targ‘ibotini yanada kuchaytirish, aholining milliy qiyofasini shakllantirish hamda ushbu yo‘nalishda faol ishtirok etgan jamoalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Nizom talablariga muvofiq 11 ta nominatsiya bo‘yicha ham ishtirokchilar munosib rag‘batlantirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri