Diyora Keldiyorova nomidagi dzyudo klubi ochildi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2028 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni kuchaytirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida har bir maktabda yakkakurash va jamoaviy olimpiya sport turlari bo‘yicha kamida bittadan to‘garak bo‘lishi shartligini ustuvor vazifalar qatorida belgilagan edi.
Ushbu muhim topshiriq ijrosini ta’minlash, mamlakatda dzyudoni yanada ommalashtirish va bu orqali ushbu sport turi bo‘yicha yosh iqtidor egalarini kamolga yetkazish maqsadida o‘zbekistonlik sportchi-qizlar orasida birinchi Olimpiada chempioni, o‘zbek dzyudosiga Olimpiya o‘yinlaridagi ilk oltin medalni taqdim etgan Diyora Keldiyorova nomidagi zamonaviy, xalqaro talablarga javob beruvchi dzyudo klubi foydalanishga topshirildi.
[gallery-21990]
Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi mana bir necha yildir-ki, qator vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda umumta’lim maktablari hududida ixtisoslashtirilgan dzyudo zallarini qurib, foydalanishga topshirib kelmoqda.
Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 14 ta ana shunday dzyudo zallari faoliyat yuritmoqda va ularda 3500 nafardan ziyod yosh dzyudochilar yakkakurash sport turi bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda.
Diyora Keldiyorova nomidagi dzyudo klubi tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston sport vaziri Adham Ikromov, MOQ raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) prezidenti Marius Vizer va boshqa mutasaddi rahbarlar ishtirok etdi.
Mazkur dzyudo klubi zaliga 4 ta tatami to‘shalgan. Unda jismoniy mashqlar bajarish imkonini beruvchi sport inventarlari, kiyinish, yuvinish va tibbiyot xonalari mavjud. Jahon standartlariga to‘liq javob beruvchi ushbu markazda shug‘ullanuvchilar uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
Alimurod Mamadaminov (surat),
O‘zA