"Diydor"da "Arshin mol olon" spektakli
"Diydor" teatr-studiyasi tomoshabinlarga "Arshin mol olon" spektaklini taqdim etdi.
Spektakl ustoz san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshev tomonidan sahnalashtirilgan.
Ozarbayjon teatr, kino san’atini atoqli kompozitor va dramaturg Uzayr Gajibekovning "Arshin mol olon" asarisiz tasavvur etish mumkin emas. Asarning yaratilganiga 110 yil oshgan bo‘lsa-da, u hamon dunyo sahnalaridan tushmay kelmoqda. Sababi yengil janrli ushbu asar milliy jozibasi, o‘ziga xos zavqi, jo‘shqinligi bilan tomoshabinlar mehrini qozongan.

Mazkur asar yurtimizning bir qator teatr jamoalari tomonidan sahnaga olib chiqilgan. Uning mazmuni, syujeti tomoshabinlarga yaxshi ayon. Bo‘ydoq Asqar uylanishi kerak. Uylanganda ham jufti halolini avvaldan ko‘rib, bilib, oila qurishga ahd qilgan. Biroq milliy urf-odatlar yigitni o‘z qaylig‘ini avvaldan ko‘rib, bilib uylanishiga yo‘l bermaydi. Badavlat Asqar o‘z amakivachchasi Sulaymonning uddaburonligi bilan "arshinmolchi " - gazlama sotuvchi qiyofasiga kirib, o‘z maqsadiga erishadi...

"Diydor"chilar talqinidagi mazkur operetta, agar spektaklga baho beradigan bo‘lsak, "a’lo" bahoga sahnalashtirilgan. Zero, Bahodir Yo‘ldoshev tomonidan sahnaga qo‘yilgan mazkur asarning "Diydor"chilar ijrosidagi talqini boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas!
Tomoshabin oynaijahon orqali Ozarbayjon kinochilari tomonidan ishlangan "Arshin mol olon" filmini qayta-qayta ko‘rgan bo‘lsa ham, "Diydor" teatr-studiyasida sahnalashtirilgan spektaklni tashnalik, o‘zgacha zavq, qiziqish bilan tomosha qiladi. Spektakl jarayonida tomoshabin go‘zal ozar tilidagi qo‘shiqlardan, bu xalqning jozibali raqslaridan bahramand bo‘ladi. Ayni paytda aktyorlarning ijrochilik mahorati bilan birga xonandalik, xoreografiya san’ati bo‘yicha yuksak iste’dodi ham namoyon bo‘ladi.
Umuman olganda, "Diydor" teatr-studiyasining doimiy murakkab yo‘nalishdagi, tomoshabinni chuqur o‘yga toldiruvchi dramatik asarlar bilan birga shunday zavqli sahna asarini taqdim etishi - teatr ijrochilari, ijodkorlarining serqirra faoliyatidan darak beradi.
Spektaklda asosiy rollarni Xurshida Arabshoyeva, O‘lmas O‘rayev, Jo‘rabek Arziyev, Iroda Qosimova, Sevinch Dalaboyeva va boshqa aktyorlar ijro etgan.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri