Dissertatsiya o‘z vaqtida himoya qilinsa, ilmiy rahbarlar rag‘batlantiriladi
Mamlakatimizda ilm-fan sohasini rivojlantirish, ilmiy kadrlar tayyorlash sifatini oshirish va doktorantlarning ilmiy ishlarini o‘z vaqtida yakunlashini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi rag‘batlantirish mexanizmi joriy etilmoqda.
Ushbu tartib ilmiy rahbarlarning mas’uliyati va doktorantlar bilan ishlash samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, doktorant dissertatsiyasini belgilangan muddatda muvaffaqiyatli himoya qilgan taqdirda, uning ilmiy rahbariga bazaviy hisoblash miqdorining 40 yoki 80 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti to‘lanadi.
Bu esa amalda o‘rtacha 15 million so‘mdan 35 million so‘mgacha bo‘lgan rag‘bat pullarini anglatadi.
Mazkur chora ilmiy rahbarlarning doktorantlar bilan tizimli ishlashini kuchaytirish, ilmiy tadqiqotlarning o‘z vaqtida yakunlanishini ta’minlash hamda mamlakatda yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash jarayonini yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA