Diplomatlar mini-futbolda bahslashmoqda
Poytaxtimizdagi Respublika futbol boʻyicha sport mahoratini oshirish oliy maktabida mamlakatimizda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalar xodimlari oʻrtasida mini-futbol boʻyicha musobaqa boshlandi.
Poytaxtimizdagi Respublika futbol boʻyicha sport mahoratini oshirish oliy maktabida mamlakatimizda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalar xodimlari oʻrtasida mini-futbol boʻyicha musobaqa boshlandi.
Musobaqa Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatimiz Futbol assotsiatsiyasi va Milliy olimpiya qoʻmitasi tomonidan tashkil etildi.
Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari D.Ahatov va boshqalar mamlakatimizda barcha davlatlar bilan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar yoʻnalishdagi oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi. Sportning barcha turlari kabi futbolni izchil rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar yuksak samaralar berayotgani qayd etildi.
Sport turlarini rivojlantirish hamda ommalashtirish, madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilayotgan eʼtibor mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan diplomatlar hayotida ham oʻz ifodasini topayotir. Elchixonalar va xalqaro tashkilotlar xodimlari oʻrtasida shaxmat, futbol boʻyicha muntazam oʻtkazib kelinayotgan turnirlar, turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar, koʻrgazma, anjuman va festivallar hamkor davlatlar bilan oʻzaro munosabatlarni yanada ravnaq toptirishga xizmat qilmoqda.
Mini-futbol musobaqasida mamlakatimiz Tashqi ishlar vazirligi, AQSH, Germaniya, Italiya, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Xitoy, Tojikiston, Turkiya, Misr, Kuvayt davlatlari elchixonalari, Milliy olimpiya qoʻmitasi, YUNISEF, SHHTning Oʻzbekistondagi xalq diplomatiyasi markazi jamoalari toʻrt guruhga boʻlingan holda oʻzaro raqobatlashmoqda.