"Diplomatik xizmat a’lochisi" va "Diplomatik xizmat fidoyisi" ko‘krak nishonlari ta’sis etildi
Hukumat qarori bilan tegishli nizomlar tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 30 avgustdagi PF-133-son Farmoni bilan "Diplomatik xizmat a’lochisi" va "Diplomatik xizmat fidoyisi" ko‘krak nishonlari ta’sis etilgan edi.

Kuni kecha qabul qilingan Hukumat qarori bilan mazkur ko‘krak nishonlarning nizomlari tasdiqlandi.
Unga ko‘ra:
— "Diplomatik xizmat a’lochisi" ko‘krak nishoni bilan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro maydondagi milliy manfaatlarini himoya qilish va mamlakat obro‘sini oshirish hamda davlatning tashqi siyosiy va iqtisodiy manfaatlarini samarali ilgari surish borasidagi vazifalarni vatanparvarlik ruhida, sidqidildan va namunali tarzda bajarayotgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimidagi hamda boshqa vazirlik va idoralar xodimlari;
— "Diplomatik xizmat fidoyisi" ko‘krak nishoni bilan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘p tomonlama aloqalarining rivojlanishiga sezilarli hissa qo‘shgan chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shu jumladan, xorijda doimiy yashaydigan vatandoshlar taqdirlanadi.
"Diplomatik xizmat a’lochisi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadigan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti, "Diplomatik xizmat fidoyisi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadigan shaxslarga esa esdalik sovg‘alari beriladi.
O‘zA