Diplomatik vakolatxonalar o‘rtasidagi mini-futbol turniri qizg‘in pallada
Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar jamoalari o‘rtasida mini-futbol bo‘yicha XX xalqaro yubiley turniri o‘tkazilmoqda.
Musobaqa O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi «Diplomatik servis xizmati» DM tomonidan tashkil etilmoqda. Turnirda 20 ta jamoa ishtirok etadi.
Ular orasida AQSH, BAA, Buyuk Britaniya, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Quvayt, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Tojikiston va Fransiya diplomatik vakolatxonalari, shuningdek, BMT, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, «LUKOIL» kompaniyasi, VFS Global Services jamoalari hamda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va «Diplomatik servis xizmati» DM jamoalari bor.


Ayni vaqtga kelib musobaqada guruh bosqichi uchrashuvlari o‘z yakuniga yetdi va 8 ta jamoa chorak final bosqichiga chiqdi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi stadionida o‘tkazilayotgan XX xalqaro mini-futbol turnirining chorak final bahslarida Rossiya Federatsiyasi - Eron Islom Respublikasi, “LUKOIL” kompaniyasi - “VFS Global Services – UKBN Europye”, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi - Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Amerika Qo‘shma Shtatlari - Tojikiston Respublikasi jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.
Ta’kidlash joiz, diplomatik jamoalar o‘rtasidagi mazkur musobaqa bu yil yigirmanchi bor tashkil etilib, o‘zining yubileyini nishonlamoqda. U yillar davomida diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari o‘rtasida do‘stona munosabatlar, o‘zaro muloqot va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan an’anaviy sport tadbiriga aylangan.



Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar, shuningdek, alohida nominatsiyalarda yuqori natija qayd etgan ishtirokchilar taqdirlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
Nosir Haydarov (surat),
O‘zA