Bahor va tabiat uyg‘onishining timsoli, sharqona yangi yil boshlanishi – Navro‘zi olamni o‘zgacha ruh, shodiyona bilan nishonlash azaldan elimizning go‘zal an’anasi hisoblanadi.
Navro‘zi olamning ruhi va falsafasida mujassam yaxshilik, bag‘rikenglik, ahillik va hamjihatlik, atrof-muhitni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash kabi olijanob g‘oyalar Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar maqsadi va mazmuniga to‘la hamohang.
Yurtimizga to‘ylar yarashadi, deganlaridek, bugun Toshkentda Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik korpusga xizmat ko‘rsatish byurosi tomonidan O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlari va ularning oila a’zolari uchun 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni va “Navro‘z” umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.

“Diplomatic Women's & Spouses' Club” hamda “MODERN ART” xalqaro prodyuserlik markazi hamkorligida uyushtirilgan bayramning asosiy maqsadi diplomatik vakolatxonalar xodimlari bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazish, norasmiy, do‘stona muloqot uchun sharoit yaratish, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatni mustahkamlashdan iborat.
Bayram dasturiga muvofiq, folklor va estrada jamoalari chiqishi, O‘zbek Milliy akademik drama teatri va Muqimiy nomidagi O‘zbek musiqali drama va komediya teatri san’atkorlari ishtirokida “Sumalak shou”, “Kelin salom” nomli teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
<iframe width="1519" height="585" src="https://www.youtube.com/embed/hhVGx282DDo" title="Diplomat oilalar Navro‘z shukuhidan bahramand bo‘lishdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
B.Xudoyberdiyev,
N.Abduvoitov (video), O‘zA