Diniy-ma’rifiy sohada navbatdagi vazifalar belgilandi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida yurtimiz diniy-ma’rifiy sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda kelgusi vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan anjuman bo‘lib o‘tdi.
Bu haqda Akademiya matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari Abdujabbor Abduvohidov, Xayriddin Sultonov hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov hamda poytaxtimizdagi diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, imom-xatiblar va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyati, professor-o‘qituvchilari qatnashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 25 maydagi farmoni hamda hukumatning tegishli qaroriga muvofiq, diniy-ma’rifiy sohaning mas’ul lavozimlariga yangi tayinlangan rahbarlarni tanishtirdi va ularning kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga Shoazim Shoislomovich Minovarov tayinlanganiga doir farmon o‘qib eshittirildi.

– Diniy-ma’rifiy sohaning davlat va jamiyat taraqqiyoti, kelajak avlod ta’lim-tarbiyasi, kamolotidagi o‘rni va ahamiyati beqiyos, – deydi Sh.Minovarov. — Shu bois yurtimizda diniy-ma’rifiy sohaga hamisha ustuvor ahamiyat qaratilib kelingan. So‘nggi to‘rt yil davomida, ayniqsa, ushbu sohada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va rahnamoligida juda katta islohotlar amalga oshirildi: O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyatlarda ish boshlagan Aqida, Hadis ilmi maktablari va, albatta, ko‘plab yangidan bunyod etilgan masjidlar faoliyatini alohida e’tirof etish joiz. Bu yurtimizda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori vazifasini bajaruvchi etib Komilov Muzaffar Murotovich tayinlandi.
Anjumanda Akademiyaning Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi mudiri Hamida To‘ychiyeva, Islom tarixi va manbashunoslik IRCICA kafedrasi professori Ahadjon Hasanov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Davron Maxsudov so‘zga chiqdi.
Mamlakatimiz diniy-ma’rifiy sohasida erishilgan yutuqlar qatorida mavjud muammolar ham keng tahlil etilgan anjumanda kelgusi vazifalar belgilanib, zarur chora-tadbirlar amalga oshirilishi xususida kelishib olindi.
N.Usmonova, O‘zA