Toshkentdagi “Olimpiya shaharchasi”da mashhur rossiyalik tennischi, 2009 yilgi jahon reytingining birinchi raqamli raketkasi va “Katta dubulg‘a” turnirlari finalchisi Dinara Safina ishtirokida ilhomlantiruvchi mahorat saboqlari bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir “ITF W15 Tashkent” xalqaro ayollar tennis turniri doirasida tashkil etildi.
Dinara Safina tomonidan o‘tkazilgan mahorat saboqlarida o‘nlab yosh sportchilar, murabbiylar hamda tennis ixlosmandlari qatnashdi. Ishtirokchilar afsonaviy tennischi bilan bevosita muloqot qilish, savollar berish va u bilan birgalikda kortda mashq o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Mashg‘ulot davomida Dinara texnik tayyorgarlik, psixologik barqarorlik va intizomning ahamiyati haqida so‘zlab, muvaffaqiyat o‘yinga muhabbat va mehnatsevarlikdan boshlanishini ta’kidladi.
[gallery-25914]
Mashg‘ulotdan so‘ng matbuot anjumani, fotosessiya tashkil etildi. Sportchi jurnalistlar hamda yosh tennischilarning savollariga javob berdi.
O‘zbekiston tennis federatsiyasi ayollar tennisini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. “ITF W15 Tashkent” turniri va Dinara Safinaning tashrifi — qizlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, teng imkoniyatlar yaratish hamda yangi iste’dodlarni kashf etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
“W15 Tashkent” turniri turli mamlakatlardan kelgan professional sportchilarni birlashtirib, tajriba almashish, ilhomlanish va yangi yutuqlarga yo‘l ochuvchi maydonga aylandi.
Turnirning eng yosh ishtirokchisi Aleksandra Barmicheva iqtidorli yosh tennischilar timsoliga aylandi .
Javohir Toshxo‘jayev,
Alimurod Mamadaminov (surat)
O‘zA