Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning hisoboti ko‘rib chiqildi
Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, aholi vakillarida shukronalik hissini mustahkamlashda diniy-ma’rifiy sohadagi ishlar muhim o‘rin tutadi. Bunda mazkur yo‘nalishga sarflanayotgan byudjet mablag‘lari samaradorligini ta’minlash alohida ahamiyatga ega.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining 2026-yilning ikkinchi choragidagi byudjet xarajatlari maqsadli indikatorlarining ijrosi bo‘yicha hisoboti muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, qo‘mita tomonidan diniy-ma’rifiy sohani yanada takomillashtirish, jamiyatda “Jaholatga qarshi ma’rifat” degan ulug‘vor g‘oya asosida muayyan ishlar amalga oshirilgan. Shuningdek, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi va qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadida byudjet xarajatlari va rivojlantirish dasturlari maqsadli indikatorlarining 2026-yilning ikkinchi choragida bir qator ijobiy ishlar yo‘lga qo‘yilgan.
Munozaralar davomida deputatlar joylardagi o‘rganishlari davomida aniqlangan masalalar yuzasidan fikr va takliflar bildirdilar. Sohada byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish, maqsadli indikatorlar ijrosiga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni belgilash va ularning bajarilishini izchil ta’minlash, hisobotlarni muntazam ravishda ko‘rib borish va bu jarayonni qat’iy nazoratga olish lozimligiga urg‘u berildi.
M.Komilova, O‘zA