Jadidchilik harakatining namoyandalari – o‘z davrining ilg‘or vakillari dunyoning rivojlangan mamlakatlaridagi eng yaxshi va yangi tajribalarni, usullarni ta’lim, ma’rifat sohasiga joriy etishga astoydil intilganlar. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad millatimizni, mamlakatimizni rivojlangan davlatlar qatoridan o‘rin olishiga munosib hissa qo‘shish edi.
Xo‘sh, taraqqiyparvar bobolarimiz milliy tariximiz, xususan, buyuk ajdodlarimiz, ayniqsa, jahongir Amir Temur va temuriylarning dunyo tarixida tutgan o‘rni va mavqeiga qanday munosabatda bo‘lganlar?
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktorining o‘rinbosari, tarix fanlari doktori, taniqli olima Dilnoza Jamolovaga ushbu mavzuga oid savollar bilan murojaat qildik.
– Tarixiy manbalardan yaxshi ayonki, jadid bobolarimiz yangilikka intiluvchan, o‘z zamonasining eng ilg‘or shaxslari bo‘lganlar. Lekin shu bilan birga, ular o‘z ildizlari, buyuk ajdodlariga alohida hurmat bilan munosabatda bo‘lishgan. Taraqqiyparvar bobolarimiz faoliyatida ulug‘ Sohibqiron Amir Temur hayoti, ma’rifiy merosini o‘rganish qanday o‘rin egallagan?

– Jadid bobolarimiz o‘z tarixini mukammal bilgan va xalqni ham o‘tmishni chuqur o‘rganishga da’vat etgan. Tarixiy tafakkur va milliy g‘ururi juda yuqori bo‘lgan Turkiston taraqqiyparvarlarining bosh maqsadi Amir Temur davridagi kabi Buyuk Turon davlatini tiklash, Uchinchi uyg‘onish davri uchun zamin hozirlash edi. Jadidchilik harakati paydo bo‘lganidan vahshiylarcha tugatilganiga qadar taraqqiyparvar bobolarimiz Amir Temur ruhidan madad olib faoliyat olib borganlar.
Jadidchilik harakatining yirik namoyandasi Abdurauf Fitratning Amir Temurga ehtiromi juda yuksak bo‘lgan. U “Hurriyat” gazetasining 1917 yil 31 oktyabr sonida ilk bor e’lon qilgan “Yurt qayg‘usi (Temur oldinda)” sochmasida Rossiya imperiyasi mustamlakasi zulmi ostida ezilib borayotgan Turkistonning ahvolidan tashvishga tushadi. Uning ozod bo‘lishiga umid bildiradi. Amir Temurni arslonlar arsloni deb ta’riflab, yurt ozodligi uchun kurashga otlanayotganini bildiradi:
“Ey, arslonlar arsloni!
Menim yozuqlarimdan o‘t,
Meni qo‘limni tut,
Belimni bog‘la, muqaddas fotihangni ber!
Sening dunyoga sig‘magan g‘ayratingga ont ichamanki, Turonning eski sharaf va ulug‘lig‘ini qaytarmasdan burun ayog‘laringda o‘tirmasman”.
Abdurauf Fitratning sochmadagi “Turonning eski sharaf va ulug‘lig‘ini qaytarmasdan burun ayog‘laringda o‘tirmasman” jumlasi butun Turkiston jadidlariga tegishli bo‘lgan.
Uch yil o‘tib, 1920 yil kuzida Amir Temurga bag‘ishlab yozgan bir she’rida Amir Temurdan Vatanini ozod qila olmagani uchun kechirim so‘raydi:
Assalom, Sohibqiron Temurbek!
Xoki poyingizga tiz cho‘kdim butkul.
Menkim, avlodingiz Abduraufbek,
Dodu faryodimni aylangiz qabul.
Ey, turkning muqaddas o‘chog‘i – Vatan!
Ey, oru nomusi toptalgan elim!
Ey, do‘zax o‘tida qovrulgan chaman!
Ey, zulm, qabohatga uchragan mazlum!
Abdurauf Fitrat Buxoro Xalq Sovet Respublikasida Maorif noziri bo‘lib ish boshlaganda ham Amir Temurga ehtiromi pasaymadi. U 1921 yili Germaniyaga o‘qishga ketayotgan 72 nafar talabani jo‘nab ketishlaridan oldin Samarqandga – Amir Temur maqbarasi ziyoratiga olib borgan. Har birlarini ulug‘ Sohibqiron qabri oldida tiz cho‘ktirib, qasamyod qildirgan. Qasamyodda Amir Temur ruhiga sadoqat, Vatanga muhabbat, ona yurt tuyg‘usi bilan yashash, o‘z millati va xalqini bir nafas ham yoddan chiqarmaslik, xorijdan ilmli, ma’rifatli bo‘lib qaytish, millat ravnaqi yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilishlari singdirilgan.
Ma’lumki, 1920 yil tuzilgan Buxoro Xalq Sovet Respublikasi hukumatining tarkibi jadidlardan iborat bo‘lgan. 1921 yil BXSR rahbarlaridan Abdurauf Fitrat tashabbusi bilan Mahmud Nazar hamda Mahmud Rajab boshchiligidagi Buxoro vakillari Mustafo Kamol posho hukumatini rasmiy suratda tanish va o‘zaro diplomatik munosabatlar o‘rnatish maqsadida Anqaraga jo‘natilgan. Mustafo Kamol Buxoro elchilari bilan uchrashib, diplomatik, madaniy, savdo-sotiq munosabatlari o‘rnatish bo‘yicha muzokaralar olib borgan. Uchrashuv so‘ngida Buxoro hay’ati vakillari hurmat va ehtirom ramzi sifatida Mustafo Kamolga berilgan sovg‘alar orasida Amir Temur davrida ko‘chirilgan Qur’oni karimning nodir nusxasi ham bo‘lgan.
O‘sha paytda Amir Temurning ruhi nafaqat vatandoshlarimizga, balki XX asrning 20-yillarida mustaqillik uchun kurash yo‘liga kirgan qardosh turk xalqining ulug‘ farzandi Mustafo Kamol Otaturkka ham madad va umid bergan. U “Amir Temur haqida yozishmalar”ida Sohibqirondagi ulug‘lik va jasoratni yuksak baholagan: “Men Amir Temur davrida yashasam, unchalik ish qila olmagan bo‘lardim. Ulug‘ Temur meni davrimda yashasa, mendan bir necha karra ko‘p ish qilgan bo‘lardi”.
Turkiston jadidlari milliy ozodlik g‘oyalarini xalqqa singdirish borasida turli jamiyatlar va uyushmalar tuzganlar. Ulardan biri Qo‘qon shahrida 1925–1927 yillari faoliyat yuritgan “Temur” guruhi bo‘lib, Abdulla Karimov, Lutfullo Olimiy kabi ziyolilar tomonidan tashkil etilgan. 192 ta taraqqiyparvarni o‘zida birlashtirgan bu uyushma Turkistonning ozodligi yo‘lida bor kuch-g‘ayratini sarflagan.
– Millat qayg‘usi bilan yashagan ma’rifatparvar alloma bobomiz, betakror adib, ilm va jamoat arbobi Alixonto‘ra Sog‘uniy ijodida “Temur tuzuklari” asarining ona tilimizga tarjimasi alohida o‘rin egallaydi. Mustaqillik yillarida Amir Temur hayoti, faoliyatini to‘laqonli aks ettiruvchi ushbu asardan xalqimizni bahramand etish yo‘lida keng imkoniyatlar yaratildi. Shu haqda fikrlaringizni bilmoqchi edik.
– Amir Temur kishilik jamiyatining eng ulug‘ insonlaridan biri bo‘lib, Turon hududidagi tarqoqlikka barham berib, markazlashgan davlatga asos solgan. Ikkinchi uyg‘onish davrini boshlab bergan Amir Temur bobomiz mustaqilligimiz tiklangunga qadar faqat qoralandi, “qonxo‘r, bosqinchi hukmdor” sifatida ruhimizga singdirildi.
Amir Temurning buyukligini bosqinchi hukumat juda yaxshi bilgani holda Turkiston xalqining ozodlikka bo‘lgan intilishini susaytirish, doimiy qo‘rquvda, qullikda saqlash uchun turli yo‘llardan foydalandi. Bulardan biri o‘z o‘tmishiga, milliy tarixiga, ajdodlariga nafrat bilan qarash tuyg‘usini shakllantirish edi. Mustamlakachi imperiya kuchli targ‘ibot, soxtalashtirilgan yoki butunlay buzib yozilgan Turon tarixini xalqimizning ongiga singdirishning uddasidan chiqdi. Ana shunday sharoitda buyuk ajdodlarimiz haqida to‘g‘ri so‘z aytishga jur’at topa olgan millatparvarlarimiz ham bor ediki, ulardan biri Alixonto‘ra Sog‘uniydir.
Alixonto‘ra Sog‘uniy sovet hukumati tomonidan uy qamog‘ida saqlanib, doimiy ta’qib ostida yashagan bo‘lsa-da, 1958 yil “Temur tuzuklari”ning saqlanib qolgan forscha nusxasini o‘zbek tiliga mukammal tarjima qilgan. 1960 yili Amir Temur haqida she’r yozgan. Mazkur she’r “Temurdek jahonda kishi o‘tmadi, Aningdek o‘g‘ilni ona tug‘madi” satrlari bilan boshlanadi.
– Ushbu tarjima asarining o‘ziga xos jihati, ibratli tomonlarini, bugungi zamon yoshlari uchun namuna bo‘ladigan xususiyatlarini nimalarda ko‘rasiz?
– “Temur tuzuklari” – tarixiy manba o‘laroq, o‘z davri uchun davlat boshqaruviga oid yirik qomus edi. Alixonto‘ra Sog‘uniy ushbu kitobni yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lganlarga tushunarli tilda tarjima qilgan. Amir Temur yirik davlat arbobi, mohir diplomat, kuchli siyosatchi sifatida o‘z davlatining tuzilishini, uning boshqarish tartiblarini bayon etib, amaldorlarning huquq va burchlarini belgilab bergan.
Amir Temur “Tuzuklar”ga amal qilgani holda, “qayerda adolat bo‘lsa, men o‘sha yerda bo‘laman”, deb ta’kidlagan. Bu gapda chuqur ma’no yotadi. Ushbu so‘zlari orqali joylardagi hokimlar va amaldorlarni adolat bilan ish yuritishga, o‘zining ushbu hududlardagi yordamchilari bo‘lishiga da’vat etgan. Har qanday adolatsizlikni qattiq jazolagan. Kitobdagi qayd qilingan ko‘p jihatlar olti-yetti asr oldin emas, go‘yoki bugun yozilganga o‘xshaydi. Jumladan, o‘zlashtirilmay qarovsiz yotgan yerlarni hosildor yerlarga aylantirishga oid ko‘rsatmalari diqqatga sazovordir: “Xarob bo‘lib yotgan yerlar egasiz bo‘lsa, xolisa (davlat yerlarini boshqaruvchi mahkama) tarafidan obod qilinsin. Agar egasi bo‘lsa-yu lekin obod qilishga qurbi yetmasa, unga turli asboblar va kerakli narsalar bersinlar, toki u o‘z yerini obod qilib olsin. Yana amr qildimki, xarob bo‘lib yotgan yerlarda korizlar qursinlar, buzilgan ko‘priklarni tuzatsinlar, ariqlar va daryolar ustiga ko‘priklar qursinlar, yo‘l ustida, har bir manzilgohga rabotlar bunyod etsinlar”.
Bugun ham iqlim o‘zgarishi, sho‘rlanish darajasi yuqorilab ketayotgan bir sharoitda davlatimiz rahbarining davlat va tomorqa yerlaridan unumli foydalanish bo‘yicha topshiriqlarida ulug‘ bobomizning ko‘rsatmalariga amal qilayotgani shubhasiz. Xullas, “Temur tuzuklari”da yurtni sevish, har ishda adolatni ustun qo‘yish, ilm-ma’rifatga intilish, mamlakat tinchligi va farovonligiga hissa qo‘shish kabi ulug‘ g‘oyalar o‘z aksini topgan bo‘lib, yosh avlodni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi.
Samimiy va qiziqarli suhbat uchun rahmat!
O‘zA muxbiri
Nazokat Usmonova suhbatlashdi.