Dildora eng faol yosh kitobxon bo‘ldi
Qashqadaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan “Yosh kitobxon” respublika tanlovining viloyat bosqichi ham mana shu maqsadlarga xizmat qildi.
– Kitob o‘qish jonu dilim, – deydi G‘uzor tumanidagi 61-umumta’lim maktab o‘quvchisi Dildora Poyonova. – Ko‘proq o‘zbek va jahon adiblarining hikoyalari, qissalarini o‘qiyman. Masalan, yaqinda bobojonim rus adibi Lev Tolstoyning hikoyalar to‘plamini sovg‘a qildi. Undagi “Prыjok” nomli hikoya menda katta taassurot qoldirdi. Hikoya qahramoni bo‘lgan bola ya’ni kema kapitanining o‘g‘li maymun bilan o‘chakishib, o‘zi bilmagan holda machtaning eng baland qismiga chiqib ketadi va hayotini xavfga qo‘yadi. Adib bola psixologiyasini mohirona tasvirlagan. Ya’ni bolaning beboshligi, o‘zi uchun mumkin bo‘lmagan ishga qo‘l o‘rgani natijasida xavfli holatlarga duch kelib qolishini uqtiradi. Bunday holatdan ayniqsa, ota-onalar ko‘proq aziyat chekishini ham ta’kidlamoqchi bo‘lgan adib.
Aytish joizki, keyingi yillarda aholi o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish ayniqsa, yoshlarni kitobxonlikka kengroq jalb etish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 12 maydagi “Buyuk allomalar, adib va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida yoshlar o‘rtasida kitobxonlik tanlovlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bu borada dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Qashqadaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan “Yosh kitobxon” respublika tanlovining viloyat bosqichi ham mana shu maqsadlarga xizmat qildi.
– Tanlov 4 bosqichda va 3 ta yosh toifasi asosida tashkil etilib, dastlabki saralash bosqichida 138 ming 761 nafar kitobxon ishtirok etdi, – deydi Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi bo‘lim mudiri Feruza Abdurahmonova. – Shundan ham yoshlarimiz o‘rtasida kitobxonlikka qiziqish tobora kuchayib borayotganini anglash mumkin. Ikkinchi bosqichda viloyatning barcha tumanlaridan jami 675 nafar kitobsevar yosh o‘z iqtidorini namoyish etdi. Ushbu bosqichda test savollaridan 86 va undan yuqori ball to‘plagan ishtirokchilar o‘rtasida “O‘zbek adabiyoti bilimdoni” va “Jahon adabiyoti bilimdoni” sharti asosida sinov o‘tkazildi. Har bir hududdan 1 nafardan ishtirokchi tanlovning viloyat bosqichiga qatnashish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Yoshlarning barcha qatlamlarini kitob mutolaasiga jalb etish, ularning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, joylarda adabiy muhitni shakllantirish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biridir. Mazkur tanlov kelajak me’morlarini o‘zlikni anglash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, yosh avlod o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirishga xizmat qilmoqda.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, viloyat bosqichining 10-14 yosh toifasida 1-o‘rinni G‘uzor tumani 61-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Dildora Poyonovaga nasib etgan bo‘lsa, Abdulla Oripov nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchisi Dilnavo Sobirova hamda Qarshi tumanidagi 26-umumta’lim maktab o‘quvchisi Aziza Naimova ikkinchi va uchinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.