2024 yil 4 iyulda kuchga kirgan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonunda Qonunchilik palatasi deputatlarining, Senat a’zolarining va mahalliy vakillik organlari deputatlarining vakolatlarini muddatidan oldin tugatish asoslari kengaytirildi.
Shuningdek, tegishli qonunchilikka siyosiy partiyalarni moliyalashtirish, davlat mablag‘larining siyosiy partiyalar o‘rtasida taqsimlanishi tartibi, o‘z vazifalarini va odob-axloq qoidalarini buzganligi uchun ularga nisbatan tartibga solish choralarini aniqlashtirishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
– Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida ham parlament hamda siyosiy partiyalar oldiga muhim vazifa va mas’uliyat belgilangan, — dedi Senatning sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarov. – Bu jarayonlar siyosiy partiyalar faoliyatini takomillashtirish, deputatlar va senatorlarning Konstitutsiyada belgilangan vakolatlarini to‘laqonli amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar berilishini hamda saylovchilar va partiya bilan uzviy aloqani mustahkamlash uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishini taqozo etadi.
Qonun bilan «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida»gi qonunning 6-moddasiga O‘zbekiston hududida xorijiy davlatlarning siyosiy partiyalarini, ularning bo‘linmalarini tashkil etishga va ularning faoliyati amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi bo‘yicha norma mustahkamlandi.
«Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga muvofiq, siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag‘larining yillik hajmi shu mablag‘larni ajratish mo‘ljallanayotgan yildan oldingi yilning 1 sentyabridagi holatga ko‘ra belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining ikki yarim foizini Qonunchilik palatasiga o‘tkazilgan oxirgi saylovda saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolar soniga ko‘paytmasi miqdorida shakllantirish belgilandi.
Davlat mablag‘larini Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda Adliya vazirligi tomonidan Qonunchilik palatasiga oxirgi saylovning Markaziy saylov komissiyasi tomonidan aniqlangan natijalariga asosan ushbu mablag‘larni olish huquqiga ega bo‘lgan siyosiy partiyalar o‘rtasida taqsimlash tartibi ham belgilandi.
Unga ko‘ra, ajratiladigan mablag‘larning qirq foizi siyosiy partiyalar o‘rtasida teng miqdorda, mablag‘larning oltmish foizi siyosiy partiyalar o‘rtasida ularning Qonunchilik palatasida olgan deputatlik o‘rinlari miqdoriga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
Bunda, Qonunchilik palatasi deputatlarning soni o‘zgargan taqdirda, davlat mablag‘larini qayta taqsimlash amalga oshirilmaydi.
«O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida»gi qonunning 4-moddasi ikkinchi qismida keltirilgan deputat va senatorning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish asoslari to‘rttaga ko‘paydi.
O‘zgarishlarga muvofiq, deputat, Senatda doimiy asosda ishlovchi senator haq to‘lanadigan tegishli turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida ogohlantirish olganidan keyin haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat (ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari) bilan shug‘ullangan taqdirda; tegishli palata, siyosiy partiya fraksiyasi, o‘zi tarkibiga saylangan qo‘mita, komissiya faoliyatida bir kalendar yil ichida o‘ttiz yoki undan ortiq ish kuni uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda; chet davlatning doimiy yashash guvohnomasini yoki chet davlat hududida doimiy yashash huquqini tasdiqlovchi boshqa hujjatni olgan taqdirda; partiya ro‘yxati asosida saylangan deputat o‘zini deputatlikka nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiya a’zoligidan chiqqan taqdirda deputat yoki senatorning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish uchun asos bo‘ladi.
Ushbu qayd etilgan asoslarga muvofiq deputat yoki senatorning vakolatlari tegishincha Qonunchilik palatasining, Senatning qaroriga binoan muddatidan ilgari tugatiladi.
Qonunning 8-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan deputat va senatorning o‘zi tarkibiga kirgan siyosiy partiya fraksiyasi hamda fraksiya rahbari oldida bo‘lgan majburiyatlari aniqlashtirildi.
Deputatning, senatorning odob-axloq qoidalari tegishincha Qonunchilik palatasi va Senat qarori bilan tasdiqlanishi ham mustahkamlandi.
Qonunda deputat yoki senator tomonidan odob-axloq qoidalari buzilganligi uchun quyidagi choralar belgilanmoqda: deputatning, senatorning odob-axloq qoidalarini buzishga yo‘l qo‘yilmasligi ko‘rsatib o‘tilgan holda deputatga, senatorga ogohlantirish beriladi. Deputatdan, senatordan tegishincha Qonunchilik palatasi, Senat shuningdek, o‘zi tarkibiga saylangan qo‘mita, komissiya majlislarida uzr so‘rashni talab qilishi mumkin.
Deputatning, senatorning odob-axloq qoidalari buzilishiga deputat, senator tomonidan yo‘l qo‘yilganligi fakti palata majlisida o‘qib eshittiriladi, ish haqidan ushlab qolinadi yoki vakolatlari muddatidan ilgari tugatiladi.
Deputat, Senatda doimiy asosda ishlovchi senator tegishli palata, siyosiy partiya fraksiyasi, shuningdek, o‘zi tarkibiga saylangan qo‘mita, komissiya majlislarida uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda, har bir ishtirok etilmagan holat uchun deputatning, Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorning bir kunlik ish haqi ularning roziligisiz ushlab qolinadi.
Deputatning, senatorning odob-axloq qoidalari buzilgan taqdirda, odob-axloq komissiyasi yoki tegishli palata, uning kengashi qaroriga asosan deputatning, senatorning xulq-atvori to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqiladi hamda unga nisbatan belgilangan ta’sir choralari qo‘llaniladi.
Qonunchilikka mahalliy kengash deputatining vakolatlari muddatidan ilgari tugatish, deputat tomonidan odob-axloq qoidalarini buzganlik uchun qo‘llaniladigan choralarni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar ham kiritildi.
Mazkur qonunda siyosiy partiyalarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda mustahkamlashga, deputatlar va senatorlarning o‘z vazifalarini bajarish, kasbiy odob-axloq qoidalariga rioya etish, shuningdek, ularning daxlsizlik huquqini to‘liq ta’minlashda shaxsiy mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA