Deputatlik nazorati natijasida masala o‘z yechimini topdi
Mamlakatimizda drenaj tizimlarining holatini yaxshilash, ularning talab darajasida uzluksiz ishlashini ta’minlashga qaratilgan hukumatlik loyihalar va chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ularni amalga oshirish uchun tegishli darajada moliya resurslari ajratilmoqda.
Shuning natijasida sug‘orib ekiladigan yer maydonlarining yarmidan ko‘p qismida tuproq sho‘rlanishining oldini olish muammolari o‘zining yechimini topmoqda. Masalan, tegishli hujjatlar asosida Taxiatosh tumani hududidagi drenaj tarmoqlarini qurish va qayta ta’mirlash uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi birdan-bir buyurtmachi xizmati «Injiniring kompaniyasi» bilan «Tiklash ta’mirlash xizmati» unitar korxonasi Taxiatosh filiali va Xo‘jayli tumanidagi «RMK-498» mas’uliyati cheklangan jamiyati ӯrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi qoshidagi Orolbo‘yi hududini rivojlantrish fondi hisobidan 2017-2018 yillarda to‘qqiz dona vertikal drenaj tizimiini qurish uchun jami 897 million 390 ming sӯm mablag‘ ajratilgan. Ushbu mablag‘larning haqiqatdan ham maqsadli va samarali sarflanishini aniqlash maqsadida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Xalq deputatlari Taxiatosh tuman Kengashi deputati Azat Matmuratov tomonidan deputatlik vakolatidan kelib chiqib, Taxiatosh tumanidagi 9 ta vertikal drenajning qurilish-loyiha (smeta) hujjatlari o‘rganib chiqildi.
O‘rganish natijasida yuqorida qayd etilgan korxonalar tomonidan hujjatlarni soxtalashtirish yo‘li bilan mablag‘larning talon-toroj etilganligi, drenaj sistemasining to‘liq bitmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Deputat aniqlangan holatga qonun doirasida chek qo‘yish maqsadida tegishli davlat organlariga murojaat etdi. Yuqorida qayd qilingan korxonalarniing lavozimli shaxslariga davlat byudjet mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj etgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi qoshidagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, aybdor shaxslar jinoiy javobgarlikka tortildi.
Xalq vakilining aralashuvi bilan bu masala qonun doirasida o‘z yechimini topdi. Ya’ni «Tiklash ta’mirlash xizmati» unitar korxonasi va «RMK-498» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 9 dona vertikal drenaj tizimii to‘liq yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi.
O‘zA