Deputatlarning joylardagi o‘rganishlari samarali bo‘lyaptimi? (+video)
Xalq tomonidan vakil sifatida saylab qo‘yilgan har bir deputat o‘z faoliyati, amaliy sa’y-harakatlari bilan aholini o‘ylantirib kelayotgan masalalarga yechim topishi lozim.
Hududlarda o‘z yechimini kutayotgan muammolar, aholi vakillarini tashvishga solayotgan ayrim masalalar borki, ularni ijobiy hal qilishda deputatlarning o‘rni va ishtiroki alohida ahamiyat kasb etadi.
Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari har oyning oxirida o‘z saylov okruglariga, hududlarga chiqib, o‘rganishlar olib borishi, saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishi an’ana tusini oldi. Quvonarlisi, mazkur uchrashuv va o‘rganishlar davomida hududlardagi bir qator ijtimoiy-maishiy masalalar hal etilmoqda.
Deputatlarning joylarda o‘rganishlar olib borishining ahamiyati, bu sa’y-harakatlar qay darajada samara berayotgani haqida parlament quyi palatasi deputati Shahnoza Xolmahamatovaning fikr-mulohazalari bilan qiziqdik.
— Deputat — xalq vakili, xalq vakili esa hamisha xalq bilan birga, saylovchilar bilan hamnafas bo‘lishi kerak, — deydi Shahnoza Xolmahamatova. — Har oyning yakunida biz deputatlar o‘z saylov okruglarimizga chiqib, o‘rganishlar olib borayapmiz. Saylovchilar, albatta, o‘zlari saylagan vakilga o‘z muammolarini aytishdan, vakil orqali ularni hal etishdan manfaatdor.
Joylarga chiqqanimizda qator ijobiy natijalar, muvaffaqiyatlar bilan birga, ayrim muammolar ham borligiga amin bo‘lamiz. Masalan, infratuzilma bilan bog‘liq, bandlik, kommunal soha, ma’lum dasturlar yoki qonun hujjatlarini amalga oshirishning ijro mexanizmi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bor. Asosiy maqsadimiz ko‘tarilgan muammolarni tegishli mutasaddilar bilan birgalikda hal etish va shu orqali saylovchilarimizning kayfiyatini ko‘tarishdan iborat.
Uchrashuvlarda ko‘tariladigan ayrim muammolar o‘sha joyning o‘zida hal bo‘lishi mumkin. Ba’zilari vaqt yoki resurs talab etishi mumkin. Ba’zilari esa aslida muammo ham bo‘lmaydi, shunchaki noto‘g‘ri tushuncha orqali yuzaga kelgan masala bo‘lishi mumkin. Bunday murojaatlarga huquqiy tushuntirishlar beramiz.
Deputatlarga yangi vakolatlar berilgani e’tiborga molik. Ya’ni, “Tashabbusli byudjet” doirasida deputatlarning taklifiga ko‘ra byudjet mablag‘lari ajratilishi yoki Davlat byudjeti loyihasini shakllantirish jarayonida xalq vakillarining takliflari inobatga olinayotgani hududlardagi masalalarga yechim topishda muhim.
Batafsil quyidagi videohavolada.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/dIBXgYzOYgY" title="Deputatlarning joylardagi o‘rganishlari samarali bo‘lyaptimi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova,
Nishon Abduvoitov, Iskandar Ismatov (video), O‘zA