Deputatlar xalq ichiga qanday kirib bormoqda?
Bugun zamon oʻzgardi, odamlarning dunyoqarashi oʻzgardi.
Bugun zamon oʻzgardi, odamlarning dunyoqarashi oʻzgardi. Barcha yaratish va yashnatish ishqi bilan yashamoqda. Bu jarayonlarda deputatlar ham oʻzlarining amaliy ishlarini namoyon etmoqda.
OʼzLiDePdan saylangan Dangʻara tuman Kengashi deputati M.Maʼrufxonovaga yakka tartibdagi tadbirkor Dilfuzaxon Oʻrinboyeva oʻz tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, yangi ish oʻrinlari yaratish maqsadida matoga aylanma mablagʻ uchun bankdan 10 million soʻm miqdorida kredit olishga amaliy yordam soʻrab murojaat qilgan edi.
Deputat tomonidan tadbirkorning murojaati ijobiy hal etilib, “Agrobank” ATB Dangʻara tuman filialidan kerakli summa olinishiga erishildi. Natijada tadbirkorlik subyektida 4 ta yangi ishchi oʻrni yaratilib, hududdagi ishsiz xotin-qizlarning bandligi taʼminlandi.
Bundan tashqari, OʼzLiDePdan saylangan Furqat tuman Kengashi deputati N.Davronov tashabbusi va homiyligi asosida tumanning “Eski” mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli “Taraqqiyot” koʻchasiga asfalt yotqizildi.
Endilikda fuqarolar yogʻin-sochinli kunlarda, noqulay ob-havo sharoitida qiyinchiliklarga duchor boʻlmaydi. Ayniqsa, maktab oʻquvchilari boʻlgan kichkintoylar bundan benihoya xursandlar.
Shuningdek, xalq deputatlari Dangʻara tuman Kengashidagi OʼzLiDeP deputatlik guruhi aʼzolari tashabbusi bilan Dangʻara tumanini kesib oʻtgan, 10 yildan buyon tozalanmagan “Oqtepasoy” arigʻini tozalash ishlari mana 1 oydirki, amalga oshirib kelinmoqda.
Mazkur saxovat ishi OʼzLiDeP Dangʻara tuman Kengashi raisi, tuman Kengashi deputati Ulugʻbek Turdiqulov boshchiligida olib borilmoqda.
Har kuni 2 ta kerakli texnika yordamida soyning 500 metrgacha boʻlgan qismi tozalanmoqda. Deputatlar saʼy-harakati bilan tumandagi barcha tomorqalarda va fermer xoʻjaliklaridagi suv muammolari bartaraf etilmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, deputatlar amaliy ishlari bilan xalq ichiga kirib bormoqda.
Shohsulton TOʻXTAMATOV,
OʼzLiDeP Fargʻona viloyat Kengashi matbuot kotibi