Deputatlar va kasaba faollari – yoshlar maslahatchisi
Tadbirda deputatlar, Yoshlar parlamenti a’zolari, kasaba uyushmalari vakillari hamda xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman kengashlari qoshidagi “Yoshlar maslahat guruhlari a’zolari” ishtirok etdi.
Forumda so‘zga chiqqan xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashi raisi Altibay Radjapov, Oliy Majlis Senati a’zosi Sayyora Abdikarimova, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Xorazm viloyati kengashi raisi Gulsara Qurbonboyeva va boshqalar yoshlar siyosati, hududlarda yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish va ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish, yoshlar maslahat guruhlari faoliyatining ahamiyati haqida to‘xtaldi.
Davra suhbatlari davomida ishtirokchilar nafaqat mavjud yutuqlarni muhokama qildi, balki istiqboldagi muhim vazifalarni ham belgilab oldi. Yoshlarning taklif va tashabbuslari deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, kelgusidagi rejalar uchun asos sifatida qabul qilindi.
Xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Xorazm viloyati Kengashi o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash marosimi o‘tkazildi. Bu hujjat kelgusida yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va hududni rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Forumning ikkinchi qismida Yoshlar maslahat guruhlari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi. Qizg‘in va murosasiz bellashuvlar yakunida 84 nafar yoshlar orasidan g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, munosib taqdirlandi.
[gallery-28821]
Mazkur forum yoshlar maslahat guruhlari faoliyatini rivojlantirish va davlat organlari bilan yoshlar o‘rtasida samarali muloqotni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat), O‘zA