Pandemiya sharoitida xalqimizni zarur oziq-ovqat, dori-darmon va shu kabi inson ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan barcha ne’matlar bilan uzluksiz ta’minlash, iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakatimizda zaxira va imkoniyatlar yetarli darajada yaratilgan.
Shunday bo‘lsada, saxovatpesha insonlar ushbu muammoli vaziyatni faqat davlat gardaniga yuklamasdan o‘zlari ham imkon qadar ko‘mak berishni, aholini qo‘llab-quvvatlash va ularda dalda bo‘lishni, xalqimiz bilan birgalikda kurashish, hamjihatlilikda harakat qilishni o‘zlarining insoniy burchi sifatida qaramoqdalar.
Natijada hozirgi pandemiya sharoitida ozmi-ko‘pmi aziyat chekayotgan qatlam vakillari ana shunday saxiy insonlar ko‘magida qaddini tiklamoqda. Bunday xayrli ishlarda “OʼzLiDeP 17 yoshda: 17 ming oilaga saxovat va ko‘mak” loyihasi doirasida partiya faollari, deputatlar tomonidan joylardagi saxovat tadbirlari ham ko‘ngillarga malham bo‘lmoqda.
Yangibozorlik partiyamiz faollari ham ko‘plar qatori savob ishdan bebahra qolayotganlari yo‘q. Yurtimizga qish fasli kirib kelishi bilan ayniqsa, qirovli sovuq kunlarda chekka hudud va qishloqlarda uylarni isitish bilan bog‘liq muammolar yuzaga keladi. Hech qayerda ishlamaydigan, «temir daftar» ro‘yxatida turuvchi, ro‘zg‘orini arang tebratayotgan oilalar uylarini isitish uchun o‘tinni, ko‘mirni qaydan olsin?.
Shu maqsadda «Xushunud» fermer xo‘jaligi rahbari, Xalq deputatlari Yangibozor tuman Kengashi deputati Soliyajon Matyakubova «Bog‘olon» mahallasidagi 31 ta ana shunday ijtimoiy himoyaga muhtoj oila vakillarining jon boshiga 400 kg.dan kam bo‘lmagan miqdorda 15 tonna ko‘mir mahsulotlari tarqatdi. Olib ketishga imkoniyati bo‘lmagan oilalarga o‘zi birma-bir kirib yetkazib berdi va ko‘pchilikning duosini oldi.
«Har yili bir amallab qishdan chiqardik. Bu yil pandemiya sabab ishsiz qoldik. Mavsumiy ishlardan topganimiz faqat kundalik ehtiyojlarimizdan ortmasdi. Qish kelishi bilan sovuq kunlardan qanday eson-omon chiqarkanmiz deb qayg‘uda edik. Deputatimizga rahmat mana shunday og‘ir vaziyatimizda jonimizga oro kirdi. Endi bolalarimiz ham, qari ota-onalarimiz ham issiq joyda yashaydigan bo‘ldilar», deydi «Bog‘olon» mahallasida istiqomat qiluvchi Azamat Allaberganov.
Matluba Atajonova Gurlan tumanidagi «Birlashgan» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiladi. Yolg‘iz ona, mahalladagi kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar ro‘yxatida turadi. Birgina farzandini mavsumiy ishlardagi daromadi bilan voyaga yetkazib, shu orqali kun ko‘radi.
OʼzLiDeP Gurlan tuman Kengashi deputati Manzura Rahimboyevaning loyiha doirasidagi tadbirlari ayni shu xonadondan boshlandi. Birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari yolg‘iz onaning ro‘zg‘origa har tugul ko‘mak bo‘ladi...
Keyingi manzil shu mahallada istiqomat qiluvchi yana bir ehtiyojmand fuqarolardan Azim Rahmatullayev xonadoni bo‘ldi. Deputat bu oilaga ham saxovat ko‘rsatdi. Ozmi-ko‘pmi ro‘zg‘orini butlashlari uchun oziq-ovqat mahsulotlari ulashdi.

Xalq noibi o‘zi saylangan ushbu mahalladagi yana shuningdek 4 ta kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, yakka-yolg‘izlar holidan ham xabar olib, “OʼzLiDeP 17 yoshda: 17 ming oilaga saxovat va ko‘mak” loyihasi doirasida saxovat tadbirlarini amalga oshirdi.
Quvonarlisi, bu kabi xayrli ishlar Urganch shahrida ham partiya faollari, deputatlar tomonidan uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Xalq deputatlari Urganch shahar Kengashi deputati Dilorom Atayeva shahardagi «Shodlik» mahallasidagi «temir daftar»ga kiritilgan, kam ta’minlangan oilalarga un mahsulotlarini tarqatdi.
bugungi kunda «Shodlik» mahallasida 1071 xonadonda 6100 nafar aholi istiqomat qilmoqda. Shulardan 12 ta oila kam ta’minlanganlar, 30 ta oila esa «Temir daftar»ga ro‘yxatga kiritilgan. «Temir daftar»dagilarning ko‘pchiligi pandemiya tufayli ishsiz qolgan fuqarolardir. Deputat ko‘magida ana shunday 30 ta oilaga 10 kg.dan un mahsuloti tarqatildi.

Shuningdek, deputat D.Atayeva yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha xonadonlarda bo‘lib, fuqarolar bilan uchrashdi, ularning muammo va takliflarini o‘rgandi. O‘tkazilgan muloqotlar jarayonida shu mahalladagi fuqarolardan Dilbar Sotimova ko‘p yillardan beri bel sohasi kasalliklari sabab, bugungi kunda og‘riqdan qiynalayotgani, dori-darmon sotib olishga, davolanishga va jarrohlik amaliyoti o‘tkazishga esa imkoni yo‘qligi tufayli deputatdan ko‘mak so‘radi. Bu borada deputat Urganch shahridagi 2-sonli oilaviy poliklinikaga murojaat qilib, fuqarong dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va poliklinika nazoratida turib, uni davolanishiga sharoit yaratib beriladigan bo‘ldi.
Nasiba Vaisova,
OʼzLiDeP Xorazm viloyat
Kengashi matbuot kotibi