Deputatlar saylovoldi targ‘ibotda faollik ko‘rsatmoqda
Shu kunlarda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Joylarda Prezidentlikka nomzodlarning ishonchli vakillari hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zLiDeP faoli Barno Mirzamova Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanidagi saylovchilar bilan uchrashib, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturi mazmun-mohiyatini batafsil tushuntirdi.

Muloqotlarda ta’kidlanganidek, nomzodning saylovoldi dasturidagi ustuvor yo‘nalishlar qatori qishloq xo‘jaligini rivojlatirish orqali aholi bandligini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratilgan.
Xususan, kambag‘allikni qisqartirish, oziq-ovqat mahsulotlarini yetarli hajmda va maqbul narxlarda yetkazib berish, dehqon va fermerlar daromadini kamida ikki barobar oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Agrar sohaning yillik o‘sish sur’atlarini kamida besh foizga, bir gektardan o‘rtacha daromadni 5 ming dollarga, qishloq xo‘jaligining eksport hajmini 7 milliard dollarga yetkazish mo‘ljallanayotir.
Davlat idoralari tomonidan narx belgilash hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini majburiy sotib olish tizimi ham to‘liq bekor qilinib, erkin bozor munosabatlari joriy qilinadi.
Qishloq xo‘jaligi yerlaridan unumli va samarali foydalanish maqsadida 200 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, aholiga ochiq tanlov asosida 10 sotixdan bir gektargacha uzoq muddatli ijaraga beriladi.

Targ‘ibot uchrashuvlari davomida xalq noibi Barno Mirzamova shu kabi rejalar ishsiz fuqarolarning bandligi va aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qilishini e’tirof etdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA