Deputatlar olti oyda qanday ishladi?
Jumladan, Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi (keyingi oʻrinlarda Kengash deb yuritiladi) faoliyati misolida bu jarayonni kuzatish mumkin.
Bugun demokratik prinsip va tamoyillar asosida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yoʻlida olib borilayotgan islohot va yangilanishlar sabab Parlament va mahalliy Kengashlar yangicha sharoit va uslubda faoliyat olib borayotir.
Jumladan, Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi (keyingi oʻrinlarda Kengash deb yuritiladi) faoliyati misolida bu jarayonni kuzatish mumkin. Yaʼni mahalliy Kengashning aksariyat deputatlari bugun olib borilayotgan islohotlar mohiyatini, Prezidentning talab va istaklarini tushunib, har bir sessiyada savollar, takliflar va tanqidiy fikrlari bilan faol qatnashishmoqda.
Bu imkoniyat va siyosiy faollik deputatlarimizga mahalliy Kengashlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ijro etuvchi hokimiyat idoralari faoliyati ustidan nazorat oʻrnatish va odamlarni oʻylantirayotgan muammolarni hal qilishda davlatimiz rahbarining tavsiya va koʻrsatmalaridan soʻng ancha jonlandi.
Oʻtgan olti oy davomida Kengash deputatlari tomonidan xalq muammolarini hal etish maqsadida mutasaddilarga 144 ta soʻrovnoma yuborilgan. Shundan 47 foizi ijobiy hal etilgan, qolgan soʻrovlar hozirgi vaqtda ijroda. Kengashning samarali faoliyat yuritishi uchun barcha qulaylik va imkoniyatlar yaratilgan. Shahar hokimligining rasmiy veb-saytida “Samarqand” gazetasida, rasmiy veb-sayt va gazetaning ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida Kengashning veb-sahifasi hamda telegram ijtimoiy tarmogʻida keng yoritilib borilmoqda.
Shu kunga qadar 11 ta Kengash sessiyasi oʻtkazilib, 30 ga yaqin rahbarlarning axborotlari tinglandi. Quvonarlisi shundaki, Kengashda barcha hisobotlar ham maʼqul deb topilmayapti. Bu esa ushbu masalada muammolar mavjudligi barobarida, Kengash ishidagi ochiqlik, shaffoflik va deputatlarning faolligidan dalolat beradi. Misol uchun, Kengashning yettinchi sessiyasida shahar moliya boʻlimi rahbarining, oʻninchi sessiyasida shahar bandlik boʻlimi rahbarining hisoboti deputatlar tomonidan “qoniqarsiz”, deb baholanib, qaytadan navbatdagi sessiya kun tartibiga kiritish boʻyicha sessiya qarori tasdiqlandi.
Yana bir yutuqli jihat Kengash sessiyalari kun tartibi tasdiqlanishidan oʻn kun oldin “Samarqand” gazetasida, rasmiy veb-sayt va gazetaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida, ijtimoiy tarmoqlar hamda shahar hokimligi veb-saytiga “Sessiyaga taklifingiz bormi?” sarlavhasi ostida rejalashtirilayotgan sessiya kun tartibi berilib borilmoqda. Fuqarolardan kelib tushgan takliflar asosida sessiya kun tartibi va qaror loyihalari tayyorlanmoqda. Bu esa koʻrib chiqiladigan masalaning dolzarbligini taʼminlaydi.
Bugungi sharoitda mahalliy Kengash yigʻinlari va sessiyalarida ochiqlik, shaffoflik va siyosiy faollikni kuchaytirish maqsadida ushbu jarayonlar onlayn rejimda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda jonli koʻrsatilishi kerak. Bu borada ham dadil qadam tashlandi: Kengashning oxirgi uch sessiyasi toʻgʻridan-toʻgʻri ijtimoiy tarmoqlarga onlayn uzatildi.
Eng katta yutugʻimiz esa Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi kotibiyatining tashkil etilishi boʻldi. Bu, oʻz navbatida, fuqarolik jamiyati rivojlanishi va demokratik prinsiplarning amal qilishiga asos boʻlishi barobarida deputatlarning samarali faoliyat olib borishi uchun muhim omil boʻlib xizmat qiladi, deb oʻylayman.
Yaqinda Kengash kotibiyati bilan Reglament va deputatlik odobi masalalari boʻyicha mavjud muammolarni muhokama qildik. Natijada, doimiy komissiya aʼzolari va raislari oldida korxona, tashkilot va boshqarma boshliqlari hisobotlarini eshitish tajribasi yoʻlga qoʻyildi.
Ammo, tan olish kerak, sohadagi yutuqlar va yangiliklar qatori maʼlum kamchiliklar, xatoliklar va hattoki qonun buzilish holatlari ham uchrab turibdi. Quyida ularning ayrimlari hamda muammoni bartaraf etish uchun baʼzi bir takliflarni keltirib oʻtmoqchiman.
Birinchidan, Kengash sessiyalarida baʼzi bir deputatlar sababsiz yoki oʻylab topilgan bahonalari bilan qatnashishmaydi. Bu borada Kengash kotibiyati Reglament va deputatlik odobi masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi bilan hamkorlikda deputatga nisbatan qonunda belgilangan tartibda chora koʻrishlari va keyingi jarayonni nazoratga olishlari lozim.
Ikkinchidan, ayrim deputatlarning professional saviyasi, huquqiy savodxonligi, ularning deputatlik faoliyatini toʻgʻri va samarali tashkil etish koʻnikmalari bugungi kun talablari darajasida emas. Maxsus ishchi guruhi tuzib, deputatlar faoliyati uchun zarur boʻlgan maxsus ensiklopedik kitob yo majmua tayyorlash kerak, degan fikrdaman. Shuningdek, masala yuzasidan amaliy seminar oʻtkazish maqsadga muvofiqdir.
Uchinchidan, har oy yakuniga yetganda doimiy komissiyalar va deputatlarning bajargan ishlari xususida oʻzlari uchun ajratilgan jild(papka)larga hisobotlari yigʻib borishlari zarur. Afsuski, bu borada ham beparvo yoki masʼuliyatsiz xalq vakillarimiz bor. Ushbu muammoni bartaraf etish uchun Kengash kotibiyatiga har oyda har bir nafar deputat hisobot berishi tajribasini huquqiy hujjat asosida joriy etish lozim. Yozma ravishda taqdim etilgan hisobot berganlik darajasiga tenglashtirilsa yaxshi boʻlardi. Hisobotlarning haqqoniyligi va samaradorligini oʻrganish esa Reglament va deputatlik odobi masalalari boʻyicha doimiy komissiyasiga yuklatilsin.
Toʻrtinchidan, ayrim deputatlarning omma oldidagi bayonotlari, fikr-mulohazalarida fuqarolarning shaʼni hamda qadr-qimmatini kamsitadigan, obroʻsizlantiradigan yoki aniqlanmagan, taxmin qilingan, mavzu doirasidan yiroq fikrlar uchrab turadi. Qonunchilikka muvofiq deputatlik odobi buzilgan taqdirda deputatning xulq-atvori toʻgʻrisidagi masala Kengash tomonidan koʻrib chiqilishi kerak. Bu holatni esa amalda qoʻllash lozim.
Beshinchidan, maʼlum bir hududda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat tomonidan amalga oshirish rejalashtirilayotgan ishlar, chora-tadbirlar boʻlsa, oʻsha okrug deputati ogohlantirilmaydi, fikrlari inobatga olinmaydi, vaholanki, deputat oʻsha hududning aholisi bilan doimiy muloqotda boʻladi va vaziyatni nisbatan yaxshi bilishi mumkin. Bunday paytda maʼlum bir hududda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar, chora-tadbirlar boʻlsa, avvalroq oʻsha okrug deputatiga maʼlumot sifatida yetkazilishi kerak.
Oltinchidan, Kengash deputatlari, hisobot beruvchi, maʼruzachi yo boshqa shaxslar tomonidan Kengashning reglamenti normalarini buzish holatlari koʻp kuzatiladi. Shuningdek, Kengashning sessiyasi davomiyligi tanaffussiz ayrim hollarda 3-4 soatgacha choʻziladi. Reglamentga qatʼiy amal qilishga odatlanish uchun Kengashning reglamenti normalarini buzgan shaxsga nisbatan ogohlantirish berish lozim. Reglament normalarini real voqelik asosida aniqlash va tasdiqlash. Bizningcha, Kengashning sessiyasi davomiyligi eng koʻpi bilan 2 soatdan oshmasligi kerak.
Yettinchidan, sessiya oʻtkaziladigan vaqt, sana va kun tartibi baʼzi hollarda kech eʼlon qilinadi (bir-ikki kun oldin). Hisobotlar ham bir-ikki kun oldin deputatlarga onlayn tarzda yetkazilmoqda. Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2010-yil
30-dekabrdagi Qarori 1-ilovasida “Sessiya oʻtkaziladigan vaqt, sana va joy hamda kun tartibi Kengash deputatlari eʼtiboriga sessiya ochilishidan kamida yetti kun oldin yetkaziladi. Kengash deputatlariga tanishib chiqish uchun tegishli hujjatlar ham yuboriladi”(12-modda, ikkinchi xatboshi) deb qayd etilgan.
Sakkizinchidan, bugungi zamonaviy texnologiyalar rivojlangan davrda, afsuski, Kengash ishida yetarli darajada zamonaviy elektron texnologiyalaridan foydalanilmayapti. Masalan, IT texnologiyalarining potensialidan keng foydalanish darkor. Buning uchun elektron hisobotlarni oʻqish, elektron munosabat va elektron ovoz berish tizimini joriy etish zarur. Shuningdek, sessiya oʻtadigan binoda zamonaviy axborot texnologiyalari, internet va elektron aloqa, ekran (hisobot beruvchi uchun va reglamentni koʻrsatib turish uchun) oʻrnatish lozim.
Toʻqqizinchidan, Kengash tarkibidagi doimiy komissiyalar faoliyatini ham qoniqarli, deb boʻlmaydi. Achinarlisi, bugungi kunga qadar birorta doimiy komissiyaning hisobotini sessiyada eshitmadik. Vaholanki, qonunchilikka muvofiq doimiy komissiyalar xalq deputatlari Kengashi oldida masʼul va unga hisobdordir (63 modda). Doimiy komissiyalar hisobotlarini eshitishni sessiyada anʼanaviy tarzda yoʻlga qoʻyish kerak, degan fikrdaman. Shuningdek, doimiy komissiyalarning ish rejalari va samaradorligini tahlil etish Kengash kotibiyatiga yuklatilishi lozim.
Oʻninchidan, koʻpchilik deputatlar qilayotgan ishlarini OAV va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilganda shaxs daxlsizligi, deputatlik odobiga rioya etishmayapti. Oʻz ish faoliyatlari, jamiyatda boʻlayotgan voqea-hodisalar, muammo va istiqbolli loyihalar boʻyicha esa OAV va ijtimoiy tarmoqlarda faol qatnashish lozim. Ushbu jarayonda deputatlik imijini shakllantirish va joriy etish maqsadga muvofiq. OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali faollikni oshirish uchun ochiq muloqot va toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot tizimini yoʻlga qoʻyish zarur.
Oʻn birinchidan, Prezidentimizning 30-iyul kuni qabul qilingan “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonining ijro holatlari hamma joyda qoniqarli, deb boʻlmaydi. Sababi, bizga yetib kelgan maʼlumotlar, ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlarni tahlil etsak, moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalar roʻyxatlarini toʻgʻri va haqqoniy shakllantirish, ajratilgan mablagʻlarni adolatli tarqatish boʻyicha juzʼiy kamchiliklar va xatoliklar mavjudligini anglash mumkin. Shunday vaziyatda joylarda korrupsiya koʻrinishlari namoyon boʻlishiga olib keladigan tizimli muammolar va korrupsiyaning oldini olish boʻyicha jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda muvaqqat ishchi komissiya tuzish kerak.
Bulardan tashqari, ayrim mansabdor shaxslar yoki ularga ishonib qolgan kishilarning xatti-harakatlari, adolatsiz ishlari yo xurmacha qiliqlari keng jamoatchilik muhokamasiga aylanib, xalqning noroziligiga sabab boʻladi. Afsuski, ana shunday holatlarda biz, deputatlar tomoshabin boʻlib turishimiz yoki loqaydlik qilishimiz adolat va vijdon mezoniga toʻgʻri kelmaydi. Axir, biz xalq vakillarimiz, fuqarolarimizning manfaat va ehtiyojlarini biz himoya qilishimiz kerak.
Bahodir RAHMONOV,
Xalq deputatlari shahar Kengashining
Reglament va deputatlik odobi masalalari
boʻyicha doimiy komissiyasi raisi